30/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
FRANKFURT-MAYN, 30-mart. /“Dunyo” AA/. «ESG Holding» kompaniyasi sohibi va direktorlar kengashining aʼzosi Ditrix Fetch mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi fikr-mulohazalarini “Dunyo” axborot agentligi bilan o‘rtoqlashdi:
- Mamlakatingizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da tayyorlangan yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasi yurtingizda ijtimoiy-demokratik, huquqiy va chinakam xalq davlatchiligini barpo qilish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Asosiy qonunning yangilanishi, shubhasiz, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining keyingi davrini boshlab beradi.
Mamlakatingiz Asosiy qonunining 65 foizga yangilanishi rejalashtirilgan, Konstitutsiyadagi moddalar soni hozirgi 128 dan 155 gacha oshirish taklif etilmoqda. Hujjatda belgilangan normalar 275 dan 434 gacha oshadi. Bu raqamlar mamlakat sezilarli darajada demokratlashishidan dalolat beradi.
Tub o‘zgarishlar davrida ko‘plab rivojlangan davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilgan. Hozir O‘zbekiston iqtisodiyot, taʼlim, tibbiyot, aholini ijtimoiy himoya qilish va gender tengligini taʼminlash sohalarida jiddiy qadamlarni tashlamoqda.
Milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda ilgari mavjud bo‘lgan "davlat – jamiyat – inson" tamoyilini yangisiga - "inson – jamiyat – davlat" bilan almashtirish barchaning qonun oldida teng bo‘lishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Yangi O‘zbekistonning Konstitutsiyaviy qonuni nafaqat hisobga olingan holda, balki fuqarolarning takliflari asosida ishlab chiqilgan. Bu o‘z-o‘zidan uning ijtimoiy yo‘nalishidan, yaʼni insonga yo‘naltirilganligi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishi maqsadi ko‘zlanganini bildiradi. Shu nuqtai nazardan, yangi Konstitutsiya loyihasida inson huquqlarini himoya qilishning amaldagi tizimi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatining oldini olish, nogironlar, keksa avlod vakillari huquqlari va yoshlar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga katta eʼtibor qaratilgan.
Nemis biznesining vakili sifatida men bu huquqiy yangilanishni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Bu ham mamlakatlarimizning ishbilarmon, siyosiy, jamoatchilik va boshqa doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga turtki berishi asnosida o‘zaro munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqadi.