13/Yanvar/2022 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
BERLIN, 13 yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniya Qurolli kuchlari boshqarmasining Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i polkovnik Kristian Shmidt O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘zining samimiy qutlovlarini yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
-Berlindan Toshkentga xayrli kun va iliq salomlarimni yo‘llashdan baxtiyorman. Germaniya Bundesverining xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i sifatida O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabriklash men uchun alohida sharafdir.
O‘tgan 30 yil mobaynida munosabatlarimizga ijobiy taʼsir qilgan ko‘plab voqealar yuz berdi. 25 yildan ziyod davr mobaynida O‘zbekiston va Germaniya qurolli kuchlari samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bu hamkorlik o‘zining qadr-qimmatini isbotladi va har ikki tomon buni yuqori baholaydi. Ayni paytda ham biz muntazam aloqadamiz va o‘zaro delegatsiyalarni almashmoqdamiz. Masalan, tashriflar doirasida o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan ekspertlar muloqotlari tashkil etilmoqda. Bu bizga bir-birimizdan o‘rganish va keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyatini bermoqda. Bundan tashqari, mudofaa vazirliklari darajasida xavfsizlik va harbiy siyosat bo‘yicha muzokaralar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
1994 yildan boshlab o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar Germaniyadagi harbiy bilim yurtlarida o‘qishga jalb etilmoqda. Bundesver 1960 yildan beri hamkor davlatlarga harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yordam ko‘rsatib keladi. Hamkorlarimiz germaniyalik askarlar bilan birgalikda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, mamlakatimiz, madaniyatimiz va Qurolli kuchlarimiz bilan yaqindan tanishmoqda.
O‘zbekiston mudofaa tizimi bilan teng huquqli sherik bo‘yicha hamkorligimiz Qurolli kuchlarimiz o‘rtasida chuqur aloqalar va o‘zaro ishonch mavjudligidan dalolat beradi. O‘z navbatida, bunday hamkorlik va o‘zaro ishonch o‘zining amaliy natijalarini berayotganini alohida qayd etish kerak.
Shu o‘rinda yaqinda Afg‘onistondagi missiyamizni yakunlash davomida O‘zbekiston tomoni ko‘rsatgan yordamni alohida taʼkidlashni istardim.
Fursatdan foydalanib, Bundesver missiyasini yakunlash chog‘ida tezkor ko‘magi uchun O‘zbekistonga yana bir bor minnatdorlik bildiramiz.
Muvaffaqiyatli aloqalarimiz istiqboldagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilsin. Umid qilamanki, hamkorligimiz bundan keyin ham bardavom bo‘ladi va yana-da mustahkamlanadi. O‘zbekiston Qurolli kuchlarining barcha xodimlariga yangidan-yangi muvaffaqiyat va tinch-osoyishta taraqqiyot tilayman.