Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Iyun/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

Hindistondan munosabat: O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mamlakatni yaqin istiqbolda yetuk demokratik tuzum va yuqori rivojlangan iqtisodiyotga ega davlatga aylantiradi

DEHLI, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Hindistonning Javaharlal Neru universitetining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi professori Sanjay Pandey “Dunyo” AA uchun sharhida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning nechog‘li dolzarbligini izohladi.


-O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng qamrovli, chuqur demokratik islohotlar jarayoni amalga oshirilmoqda. Barcha sohalarda – siyosiy, maʼmuriy, huquqiy, ijtimoiy, diniy, iqtisodiy, savdo va boshqa yo‘nalishlarda ro‘y bergan o‘zgarishlar va muvaffaqiyatli islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri bu jarayonlarning ortga qaytmaydigan tus olganligidir. O‘z navbatida, O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlar jarayoni Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishiga va sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishida muhim ahamiyat kasb etayotganligi alohida tahsinga sazovor.

 Siyosiy sohadagi islohotlar vaqt va izchil saʼy-harakatlarni talab qiluvchi murakkab jarayon hisoblanadi. Bu jarayon davomida parlament, prezidentlik, sud, siyosiy partiyalar, saylov tizimida bosqichma-bosqich va aniq o‘zgartirishlar kiritiladi. Ushbu islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi davlat va jamiyatning demokratlashuvini kafolatlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis tomonidan tashkil etilgan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda, mamlakatdagi islohotlar jarayonini navbatdagi, muhim bosqichga olib chiqish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, qisqa vaqt davomida Konstitutsiyaviy komissiyaga fuqarolardan 50 mingga yaqin turli takliflarning kelib tushganligi ushbu o‘zgarishlarning naqadar dolzarbligini yaqqol ko‘rsatdi.

Prezident komissiya aʼzolari bilan muloqoti chog‘ida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari ustuvor masala ekanligini taʼkidladi. Bu borada tegishli muhim tuzatishlar taklif etildi. Xususan, o‘lim jazosining mamlakatda bekor qilinganligini konstitutsiyaviy mustahkamlash, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishini taʼminlash, «Xabeas korpus» institutini rivojlantirish, sudlangan shaxslarning qarindoshlari mahkumning qilmishlari uchun jabr tortmasliklarini taʼminlash lozim. Mazkur masalalarda tegishli normalarni Konstitutsiyada aks ettirilishi taklif qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, fuqarolarni zarur uy-joy, sifatli taʼlim, tibbiy xizmat, ichimlik suvi, munosib ish haqi, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, aholi turmush tarzini yaxshilash bugungi kundagi eng muhim vazifa ekanligini taʼkidlab, «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan tamoyilni asosiy Qomusda mustahkamlash konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini bildirdi.

Erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada mahalla institutini ezgulik va milliy anʼanalar beshigi sifatida rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan takliflar har tomonlama o‘rinli va dolzarb, deb hisoblayman.

Davlat rahbari tomonidan O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish masalasi  to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Bu borada davlat organlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va hisobdorlikni taʼminlash qoidalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oliy Majlisning hukumatni shakllantirish va muhim lavozimlarga tayinlash bo‘yicha vakolatlari kengaytirish, joylarda hokimiyatning bo‘linishi tamoyilini hayotga tatbiq etish, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirish masalalarini bugungi kundagi islohotlar jarayonining muhim qismi ekanligiga to‘liq qo‘shilaman.

Shuningdek, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarda Konstitutsiyaga «O‘zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo, o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan tinchlikparvar va do‘stona siyosat yuritishi, uning tashqi siyosati inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligiga oid prinsip va normalarga asoslanishi» haqidagi moddani qo‘shish taklifini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayman. Bu O‘zbekistonning avvalo mintaqada olib borayotgan ochiq, do‘stona tashqi siyosatida qatʼiy ekanligini dunyo hamjamiyatiga namoyish etadi.

O‘ylaymanki, taklif etilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning referendum yo‘li bilan amalga oshirilayotganligi Asosiy qonunning mamlakatdagi har bir fuqaroning farovon hayoti va kelajagi uchun tutgan ahamiyatini ko‘rsatadi.  

Konstitutsiyaga kiritiladigan keng qamrovli o‘zgartirishlar yaqin istiqbolda O‘zbekistonni yetuk demokratik tuzum va yuqori salohiyatli iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatga aylantirishiga ishonchim komil.

Mavzuga oid

Bokudan munosabat: Ozarbayjon va O‘zbeki...

Ozarbayjon ekspert va tahliliy doiralari vakillari Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistong...

Misrdagi vatandosh: Konstitutsiyamizga k...

Misrning “Al-Azhar” universiteti magistri, O‘zbekiston fuqarolari faoli Abdullo Haydarov m...

Indoneziyadagi vatandosh: Konstitutsiyav...

Indoneziyadagi vatandoshimiz Svetlana Galiulina O‘zbekistondagi konstitutsion islohotlarga...

So`nggi yangiliklar