03/Iyun/2023 Fakt
DEHLI, 3 iyun. /“Dunyo” AA/. Juma kuni kechqurun Hindistonning Odisha shtatidagi Balasor okrugida ikki yo‘lovchi va bitta yuk tashuvchi poyezdlarning to‘qnashuvi natijasida 200 dan ortiq kishi (ayrim maʼlumotlarga ko‘ra 288 kishi) halok bo‘lgan va taxminan 900 kishi jarohat olgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hind OAV maʼlumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 19:00da “Shalimar-Chennay” tezyurar poyezdi relsdan chiqib ketgan va bir nechta vagon “Yesvantpur-Kxayra” ekspressi kelayotgan boshqa yo‘lga ag‘darilgan. Buning oqibatida ikki poyezd vagonlari bir biri bilan to‘qnashib ketgan. Hindiston rasmiylariga ko‘ra, birozdan keyin yuk poyezdi va ushbu yo‘lovchi vagonlarining to‘qnashuvi sodir bo‘lgan.
Hodisa joyida halokat oqibatlarini bartaraf qilish va yaralanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda, hududdan o‘tuvchi 30 dan ortiq poyezd harakati vaqtincha bekor qilingan.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga taʼziya bildirib, falokatli hodisa natijasida aziyat chekkanlarga moliyaviy yordam ko‘rsatilishini eʼlon qilgan.
Maʼlumki, ushbu mamlakatdagi eng ayanchli temir yo‘l halokati 1981 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda Bixar shtatidagi ro‘y bergan siklon chog‘ida yo‘lovchi poyezdi daryoga qulab tushgan va kamida 800 kishi halok bo‘lgan.
Hindiston dunyodagi eng yirik temir yo‘l tarmoqlaridan biriga ega. Infratuzilmani yaxshilash uchun katta miqdorda investitsiyalar yo‘naltirayotganiga qaramasdan, bu yerda temir yo‘l halokatlari tez-tez sodir bo‘ladi.
“India Today”dan olingan surat.