Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/May/2021   Ilm-fan

IAEA mutaxassislari O‘zbekistonga keladi


VENA, 22-may. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 24-may - 3 iyun kunlari Toshkentda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (IAEA) yadro infrastrukturasini kompleks tarzda ko‘rib chiqish bo‘yicha ekspert missiyasi (Integrated Nuclear Infrastructure Review - INIR) bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri .
Missiyada 12 nafar xalqaro ekspert ishtirok etadi. O‘zbekiston tomonidan tadbirda mamlakatda yadro energiyasi dasturini yaratish bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralardan mutaxassislar jalb etiladi.
INIR missiyasi davomida IAEA mutaxassislari O‘zbekiston tomonidan yadro infratuzilmasining barcha sohalarini rivojlantirish bo‘yicha tayyorlangan hisobotni ko‘rib chiqadi, shuningdek, har bir sohada o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan intervyu formatida uchrashuvlar o‘tkaziladi. Mutaxassislar yadro energiyasi, avariya boshqaruvi, favqulodda tayyorgarlik va javob berish, jamoatchilik bilan aloqalar, radioaktiv chiqindilarni boshqarish va yadro yoqilg‘isi, radiatsiya xavfsizligi, qonunchilik asoslari, yadroviy energiya sohasidagi davlat siyosati va boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi. Amalga oshirilgan ishlar natijalari asosida xalqaro agentlik vakillari tegishli hisobot tayyorlaydi.
O‘zbekistondagi missiyaga tayyorgarlik ko‘rishda IAEAning asosiy tavsiyalarini amalga oshirish, jumladan, yadro energetikasi infratuzilmasi bilan bog‘liq aniq masalalar bo‘yicha mamlakat hisobotini tayyorlash yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bundan tashqari, «O‘zatom» agentligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil noyabr oyida videokonferensiya formatida dastlabki INIR missiyasini tashkil etdi. Tadbirda IAEA mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston vazirlik va idoralarining 40 dan ortiq mutaxassisi qatnashdi.
1-iyun kuni IAEA bosh direktori muovini Mixail Chudakov missiyaga qo‘shiladi. U O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi institutining agentlikning «Ilmiy-tadqiqot reaktorlarining xalqaro internet laboratoriyasi» loyihasidagi ishtiroki haqida bitim imzolanishi hamda Moskva muhandislik fizika institutining Toshkent filiali (MMFI) talabalari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, IAEA INIR missiyasi orqali mamlakatlarga o‘z milliy infratuzilmasi holatini har tomonlama baholashda mustaqil ekspertizani taqdim etadi. Ekspertiza xavfsiz, ishonchli va barqaror yadroviy quvvat dasturini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan keng qamrovli infratuzilmani qamrab oladi. INIR missiyasi a’zo davlatning murojaatiga binoan, mamlakat infratuzilmasi tayyorligining turli bosqichlari uchun amalga oshiriladi.
INIR missiyasi O‘zbekiston uchun yadro energetikasini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishda muhim qadamni belgilaydi. Uning o‘tkazilishi respublikaning yadro energiyasi dasturining holati haqida jahon hamjamiyatiga keng va ochiq tarzda axborot berish istagini namoyish etadi.

Mavzuga oid

Toshkent shahridagi Amiti universitetida...

Ushbu tizim O‘zbekistonda birinchi marta joriy qilinib, Toshkent shahridagi Amiti universi...

Toshkent davlat agrar universitetining ...

Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali va Tabriz davlat universiteti o‘rta...

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kiri...

Bu kabi tartibni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy ...

So`nggi yangiliklar