Uz / Ўз Ru En

Toshkent

04/Mart/2021   Dolzarb

IHT Bosh kotibi: Biz O‘zbekistonga tashkilotning muhim a’zosi sifatida katta ahamiyat qaratamiz


TЕHRON, 4 mart. /«Dunyo» AA/. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xadi Sulaymonpur «Dunyo» AAga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning IHT 14-sammitidagi nutqi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti Izmir shartnomasi (IHT ustavi)ning 4-moddasiga muvofiq chaqiriladi, - dedi xalqaro tashkilot rahbari. - Sammit IHT uchun juda muhim ahamiyatga ega. Chunki anjuman davlat rahbarlariga tashkilot faoliyatini ko‘rib chiqish, uning dasturlari va loyihalarini amalga oshirishdagi bugungi holat va istiqbollarini o‘rganish, shuningdek, mintaqaning umumiy manfaatlariga javob beradigan mintaqaviy va global masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyatini beradi.

Tashkilotning oliy darajadagi so‘nggi uchrashuvi 2017 yil mart oyida Islomobodda bo‘lib o‘tgan edi. Biroq, pandemiya sababli, IHKning 14-sammiti Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on rahbarligida virtual formatda tashkil etildi.

Ushbu sammitda IHT mintaqasidagi barcha 10 ta davlat rahbarlari qatnashdilar. Onlayn-anjumanda O‘zbekistonning oliy darajada ishtirok etishi IHT uchun juda muhim voqelik hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston bugun ushbu mintaqaviy iqtisodiy tashkilotning faol a’zolaridan biriga aylandi.

IHT ham tashkilotning muhim a’zosi sifatida O‘zbekistonga katta ahamiyat qaratadi.

O‘zbekistonda dengizga bevosita chiqish yo‘li bo‘lmasada, mamlakat rivojlangan inson resurslari, ulkan sanoat, qishloq xo‘jaligi va sayyohlik salohiyatiga ega. Dunyoda maydoni jihatidan 56-o‘rinda, aholi soni bo‘yicha 42-o‘rinda turadi.

O‘zbekistonning IHTga a’zo davlatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda bir yarim baravarga oshdi.

Muhim geografik joylashuvi, aholisi, yalpi ichki mahsuloti, mintaqa ichidagi savdo hajmi, o‘zaro bog‘liqlikni hisobga olgan holda, O‘zbekiston IHTning butun mintaqamiz farovonligi va taraqqiyoti yo‘lidagi serqirra faoliyatida muhim rol o‘ynaydi.

Axborot va texnologiyalar, savdo va investitsiyalar, tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha global raqobatga e’tibor qaratgan holda, Prezident Shavkat Mirziyoyev IHT minbaridan juda muhim g‘oya va tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston rahbari IHT sammitidagi nutqida asosiy mintaqaviy muammolar va imkoniyatlar, shuningdek, belgilangan vazifalarni hal etishda IHTning o‘rni to‘g‘risida chuqur tushunchasi, bilimi va tajribasini namoyon etdi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar tashkilot va tashkilotimizga a’zo har bir davlat uchun dolzarbdir.

Tarif va tarifsiz to‘siqlarni bartaraf etish hamda IHTga a’zo davlatlarning savdo va tashqi savdo vazirlarining 6-yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish orqali savdo va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma sanoat klasterlari barpo etish hamda tarmoq qo‘shimcha qiymat mintaqaviy zanjirlarini yaratish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish bo‘yicha takliflar e’tiborga molikdir.

Tranzit transport koridorlari va mintaqamiz tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, shu jumladan, Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish, tegishli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni kuchaytirish dolzarbligi bilan ajralib turibdi.

Turizm sohasini tiklash va rivojlantirish, boy mintaqaviy madaniyat va tarixiy merosga asoslangan umumiy sayyohlik platformasini yaratish, uni Xiva shahrida IHT mintaqasi turizm vazirlarining 4-yig‘ilishi paytida ishlab chiqish, IHT faoliyatiga yoshlarni jalb qilish uchun Toshkentda Xalqaro yoshlar forumini o‘tkazish tashabbuslari a’zo davlatlar vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

IHT kotibiyati O‘zbekistonning yuqoridagi taklif va tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Biz, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning mintaqamizni yanada izchil rivojlantirish uchun IHT faoliyatida faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholaymiz.

Mavzuga oid

«Diplomatic World»: O‘zbekistonda iqtiso...

«Diplomatic World» jurnalining onlayn versiyasida O‘zbekiston hududlarida ijtimoiy-iqtisod...

Turkiyadan jo‘natilgan insonparvarlik yo...

Bu kabi ezgu intilishlar turkiyalik hamkor va ishbilarmon doira vakillarining faol ko‘magi...

Nemis tekstil korxonalari O‘zbekistonda ...

Germaniya mamlakatimiz tekstil mahsulotlarini import qiladigan Yevropadagi yirik xaridorla...

So`nggi yangiliklar