Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/May/2021   Sanalar

Ilm egallaydigan, kitob o‘qiydigan zamon keldi


TOSHKENT, 7-may. /“Dunyo” AA/.  Bugun  o‘zbek va qoraqalpoq adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan adib, O‘zbekiston Qahramoni,  O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov hayot bo‘lganda 92 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.

Poytaxtimizdagi Toshkent davlat agrar universitetida taniqli yozuvchi tavallud sanasi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.  

Unda Toshkent davlat agrar universiteti rektori Botirjon Sulaymonov, oliy bilim yurti dotsenti Sayyora Xolmirzaeva, Andijon qishloq xo‘jaligi  va agrotexnologiyalar  instituti dotsenti, yozuvchi Habib Siddiq, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sholpan Kunnazarova, adibning farzandlari, yosh ijodkorlar va talabalar ishtirok etdi.

Adibning hayoti va ijodi bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi.

Botirjon Sulaymonov davlatimiz rahbari rahnamoligida o‘zbek adabiyoti obro‘sini oshirish, yozuvchi va shoirlar, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida taʼkidladi.

- Barchamizga maʼlumki, Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev bundan roppa-rosa bir yil avval Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurib, «Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlarimiz merosini o‘rganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz», degan edilar, -  deb qayd etdi universitet rektori.

Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Adiblar xiyobonini adabiyot, maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish va har bir adib uchun o‘rnatilgan haykal muayyan bir oliy o‘quv yurtiga biriktirilib, bu yerda ochiq darslar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazish vazifalari belgilandi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti va uning Nukus, Termiz, Andijon  filiallari  qoraqalpoq elining asl farzandi, atoqli adib To‘lepbergen Qaipbergenov adabiy merosini yoshlar orasida targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Universitetda va uning filiallarida adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzeylar tashkil etildi. Ularda yozuvchining fotosuratlari, ijodiga mansub kitoblar, boshqa ashyolar joy olgan. 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab universitet va uning filliallari talabalari uchun To‘lepbergen Qaipbergenov nomidagi maxsus stipendiya joriy etildi.

Joriy yil 1-7 may kunlari To‘lepbergen Qaipbergenov ijodi haftaligi  o‘tkazildi. Tadbir doirasida turli tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.

 Bugun o‘tkazilgan adabiy kecha nihoyasida To‘lepbergen Qaipbergenov stipendiantlariga guvohnomalar topshirildi. Haftalik doirasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi.

Darhaqiqat, adabiyot yoshlarni ezgu maqsadlar sari birlashtiradigan taʼsirchan kuchga ega. Bugungi tadbir yoshlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish barobarida ularda kitob o‘qishga qiziqish, bebaho merosimiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini shaklantirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid

Amir Temur – ilm-fan va bunyodkorlik hom...

9 aprel - Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun. Sana munosabati bilan buyuk bobokalon...

Fransiyadan munosabat: Luvr muzeyidagi B...

Buyuk adib, shoir, yirik davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining...

So`nggi yangiliklar