Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Yanvar/2021   Jamiyat

INSON SHAʼNI ULUG‘LANAYOTGAN YURT


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tomonidan o‘z soha yo‘nalishlarida samaradorlik, sifat va qulayliklarni oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Aholini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti bilan hujjatlashtirish 1995 yil 1 yanvardan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) va Xalqaro standartlashtirish tashkilotining talabiga asosan hamda chegaralardan o‘tishda qulayliklar yaratish maqsadida 2011 yildan 2020 yilgacha fuqarolarga biometrik va biografik maʼlumotlarni o‘zida jamlagan elektron axborot tashuvchiga (chipga) ega bo‘lgan biometrik pasport rasmiylashtirildi.

Fuqarolarimiz xorijga chiqishi uchun talab qilingan 2 yilga berilgan chet elga vaqtincha chiqish ruxsatnoma stikerini rasmiylashtirish tartibi 2019-yil 1 yanvar kunidan bekor qilindi va bir necha afzalliklarga ega bo‘lgan xalqaro talablarga mos keluvchi, amal qilish muddati 10 yil bo‘lgan “Xorijga chiqish biometrik pasporti”ni berish joriy etildi.

Fuqarolar 2021 yil 1 yanvardan boshlab, vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish yuzasidan o‘zlariga qulay bo‘lgan tuman (shahar) ichki ishlar organlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkinligi taʼminlandi.

Respublikamizda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish yuzasidan quyidagi tartibоtlar amalda kuchga kirdi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 10 kundan 15  kunga uzaytirildi;

doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bir kun ichida rasmiylashtirish tartibi amaliyotga tatbiq etildi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilindi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilindi;

harbiy xizmatga majburlarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda mudofaa ishlari bo‘limlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borish tartibi bekor qilindi;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida maʼlumot taqdim etganda, uni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.

Endilikda esa, 2021 yilning 1 yanvar kunidan boshlab, respublikamiz fuqarolariga yana-da qulayliklar yaratish hamda yurtimizni dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yana-da ko‘tarish maqsadida aholiga identifikatsiya “ID-karta” rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizning yaqin yillardagi taraqqiyot yo‘li maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab dolzarb va muhim vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, ushbu Murojaatnomada fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini taʼminlash borasida navbatdagi muhim qadamni qo‘yish zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etayotgani alohida taʼkidlandi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan hamkorlikda bundan 28 yil muqaddam qabul qilingan va bugungi zamon talablariga to‘liq javob bermaydigan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, 2020 yilning 13 mart kuni eʼlon qilindi.

Hajman olganda, O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuni 9 ta bo‘lim, 45 ta moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Qonun 10 ta bob, 58 ta moddani o‘z ichiga qamrab olgan.

Mazkur Qonun qabul qilinishi natijasida:

birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish tartib-taomillari liberallashtirildi hamda bolaning fuqarolik sohasidagi huquqlari mustahkamlandi;

ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning aksariyati O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olindi;

uchinchidan, vatandoshlarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilinishini tartibi belgilab berildi;

to‘rtinchidan, farzandlikka olingan va ota-onasining fuqaroligi o‘zgarganligi bo‘yicha bolaning fuqaroligi o‘zgarishi normalariga aniq tushunchalar berildi;

beshinchidan, endilikda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasi yaratiladi.

Eng muhimi yangi tahrirdagi Qonunga  –  1995 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy ro‘yxatdan o‘tib fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun yashash guvohnomasi bilan yashab kelayotgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish tartibi kiritildi.

Yaʼni, Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelib, doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab kelayotgan shaxslar istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi belgilandi.

Buning uchun ushbu toifaga tushuvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga tan olish masalasida, o‘zlarining doimiy ro‘yxatda turgan joyidagi ichki ishlar organiga murojaat etib ariza bilan birgalikda quyidagi hujjatlar taqdim etishlari lozim:

so‘rovnoma (anketa ko‘rinishida);

-yashash guvohnomasi;

-nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma;

-arizachining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganligi haqidagi maʼlumotnoma (mavjud bo‘lsa);

-davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat. Davlat bojining miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobariga teng.

Shuningdek, yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi hududida 1995 yil 1 yanvarga qadar doimiy ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar ham taqdim etiladi. Masʼul xodim tomonidan ushbu hujjatlarning qonuniyligi o‘rganib chiqilib, hujjatlardan nusxa olinib, aslini egasiga qaytarib beriladi.

Bugungi kunga qadar 1995 yil 1 yanvar kuniga qadar respublikamizga ko‘chib kelib, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan 22 mingdan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga tan olish bo‘yicha hujjatlari ko‘rib chiqilib, ulardan 19 mingdan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti bilan hujjatlashtirish choralari ko‘rildi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi tan olingan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirilib, ommaviy axborot vositalari orqali namoyish etib borilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida Fuqarolikning yo‘qligi teng huquqlilik, ijtimoiy adolat tamoyillarining buzilishiga, qator ijtimoiy muammolarga olib kelishi qayd etilib, fuqarosizlikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida

- 2005-yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va boshqa davlat fuqaroligini qabul qilmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni,

- hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz 15 yil davomida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turib, O‘zbekiston Respublikasida fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi yoki identifikatsiya ID-kartasi asosida yashab turgan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish taklif etildi.

Hozirda, Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi ijrosini taʼminlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Taklifning amaliyotda joriy etilishi natijasida 2005-yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan 20.570 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadilar.

Shuningdek, o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, har yili taxminan 1.500 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Respublika hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan muddatlari 15 yil to‘lishini inobatga olsak, ushbu toifadagi shaxslarni ham O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish imkoniyati yaratiladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan respublikamizda yashab kelayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslarni O‘zbekiston fuqarosi deb tan olish borasidagi siyosatlari, jamiyatda Fuqarosizlikni qisqartirishga olib kelib, ushbu islohot xalqaro tashkilotlar va keng jamoatchilik tomonidan yuksak eʼtirof etilib, butun dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonning nufuzini yana-da oshirishiga olib kelmoqda.

Shuhrat Xodjayev,

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish

bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Mavzuga oid

Misrning «Al-Xabar al-youm» gazetasida O...

Misrning «Al-Xabar al-youm» (Kun xabari) gazetasida “Dunyo” AA va O‘zbekiston milliy axbor...

Taniqli o‘zbek diplomati Mirsobit Ochilo...

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri maslahatchisi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq e...

Qirg‘iziston Milliy kutubxonasida «O‘zbe...

O‘zbekiston Respublikasining Bishkekdagi elchixonasi tomonidan Aliqul Osmonov nomidagi Qir...

So`nggi yangiliklar