Uz / Ўз Ru En

Toshkent

02/Mart/2022   Sanalar

Islomobodda “Buyuk sarkarda, mutafakkir va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur: O‘zbekiston va Pokiston do‘stligi ramzi” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

ISLOMOBOD, 2-mart. /«Dunyo» AA/. Kecha Pokiston poytaxtida “Buyuk sarkarda, mutafakkir va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur: O‘zbekiston va Pokiston do‘stligi ramzi” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda Pokiston Axborot va radioeshittirish davlat vaziri Farruh Habib, uning birinchi o‘rinbosari Shahira Shahid, Panjob universiteti rektori, professor S.Mazhar, tarix fakulteti dekani M.Husayn, boburshunos olim, tarix fanlari doktori R.Iftixar, professorlar Faraz Anjum va Adam Saud hozir bo‘ldi.

O‘zbekiston tomonidan mamlakatimiz Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari F.Sidiqov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.Fayziyev, muzey bo‘lim mudiri A.Madraimov, Xalqaro Islom akademiyasining YUNЕSKO kafedrasi professori N.Nizomiddinov, Bobur Xalqaro jamoyatchilik fondi raisi Z.Mashrabov ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishi chog‘ida Pokiston Axborot vazirligi rahbariyati tomonidan ushbu konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy minnatdorlik izhor etildi.

So‘zga chiqqanlar o‘z nutqlarida “Bobur Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtarak tarix, she’riyat va do‘stlik ramzidir. U ulkan bir saltanatning tamal toshini qo‘ygan birodar xalqalarimiz do‘stligining timsoli hisoblanadi”, deya e’tirof etishdi.

Shuningdek, ushbu tadbir O‘zbekiston rahbarining Islomobodga oliy darajadagi tashrifi arafasida tashkil etilgani ramziy ma’noga ega ekanligi, bo‘lajak tarixiy tashrif mushtarak o‘tmishga ega bo‘lgan ikki xalq o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishda juda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Konferensiyada doirasida o‘zbekistonlik kino ijodkor B.Yo‘ldoshev tomonidan suratga olingan Bobur hayoti haqida hikoya qiluvchi hujjatli film premerasi ham namoyish etildi.

Pokiston Axborot va radioeshittirish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahira Shahid o‘z nutqida Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari qoldirgan ulkan tarixiy madaniy meros katta ahamiyatga ega ekanligi to‘g‘risidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.  

- Boburning qomusiy “Boburnoma” asari XV asr oxiri va XVI asr boshidagi Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy hayotini, jo‘g‘rofiy o‘ziga xosliklarini tadqiq qilish uchun muhim manba bo‘lishi barobarida xalqlarimiz tarixining mushtarakligi, taqdiri tutashligi va kelajagining umumiyligidan ham darak beradi, - dedi u. - Mazkur konferensiya o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berishiga ishonchim komil.

Professor Salim Mazhar o‘z nutqida 2021 yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlarida ishtirok etganini yodga olar ekan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ijobiy natijalarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganligini mamnuniyat bilan qayd etdi.

U bugungi yangi davr o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro anglashuvning darajasi bilan baholanishi xususida to‘xtalar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi to‘g‘risidagi tashabbusini shu kunning dolzarb masalalariga yechim sifatida ta’rifladi.

Panjob universiteti Tarix kafedrasi rahbari Mahbub Husayn Pokiston va O‘zbekiston xalqlarining tarixiy mushtarakligi Boburiylar saltanati hayotini hamkorlikda o‘rganishga katta turtki berayotganini ta’kidladi.

- Shu munosabat bilan Panjob universiteti o‘zbekistonlik mutaxassislarga birgalikda tadqiqotlar o‘tkazishni taklif etadi, dedi pokistonlik olim.

Islomoboddagi Bahriya universitetining Gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Adam Saud mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishida Boburning merosining o‘rni xususida ma’ruzasini o‘rtoqlashdi.

- Bobur merosini tadqiq etish natijasida ikki mintaqaning azaldan bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lganini anglash mumkin, - dedi u. – Muayyan davr oralig‘idagi  uzilishdan so‘ng o‘zaro rishtalarni qayta tiklashimizni bizdan davrning o‘zi talab qilmoqda.

U O‘zbekiston rahbariyatining Janubiy Osiyo mamlakatlari,  xususan, Pokiston bilan yaqindan hamkorlik qilish, o‘zaro aloqalarning yangi yo‘nalishlarini izlab topish borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarini yuqori baholar ekan, bunda ilm-fan taraqqiyoti va tadqiqotlar yo‘nalishiga ham ustuvor ahamiyat qaratilayotgani katta olqishga sazovor ekanini qayd etdi.

Panjob universiteti huzuridagi Bobur merosi markazi direktori Ruxsana Iftixor o‘z chiqishida Bobur hayoti va ijodini keng targ‘ib va tashviq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi xuddi shunday anjumanni Bobur Mirzo tavallud topgan yurtda ham tashkil etish muhimligini ta’kidlar ekan, unda pokistonlik mutaxassislar faol ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Panjob universitetining Tarix va pokistonshunoslik kafedrasi professori Faraz Anjum “Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tasavvufiy va ruhiy aloqalar: tarixiy tahlil” mavzusidagi nutqini konferensiya ishtirokchilarining e’tiborga havola qildi.

U Bobur o‘zi bilan birga Janubiy Osiyoga Markaziy Osiyo madaniyati, ruhiyati va ma’naviyatini olib kelganini e’tirof etar ekan, bu omil ikki mintaqaning yanada ko‘proq yaqinlashuviga o‘z ta’sirini ko‘rsatganini aytdi.

- Bobur davri madaniyati Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasining yangi davrda ham bir-birini tushunishiga, o‘zaro til topishlariga xizmat qiladi, - dedi u. - Pokiston va O‘zbekiston rahbarlarining siyosiy irodasi esa ikki do‘st mamlakatlarning asriy orzulari ro‘yobga chiqishiga olib keladi.

Ushbu konferensiya doirasida O‘zbekistonda chop etilgan Bobur hayoti va faoliyatiga oid kitoblarning ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tomonidan nashr etilgan “Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari” katalogi, “Amir Temur bibliografiyasi”, “Bobur ensikolopediyasi”, “Bobur va Boburiylar bibliografiyasi” kabi ingliz tilidagi noyob kitoblar Panjob universiteti kutubxonasiga tuhfa etildi.

Mavzuga oid

Ozarbayjonda buyuk shoir va mutafakkir A...

Boku shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabat...

Erondagi vatandosh: Davlat gerbi xalqim...

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan Eronning «Jamoa...

Istanbulda Navoiy va Bobur tavallud kunl...

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Istanbul shahar Fotix t...

So`nggi yangiliklar