03/Fevral/2023 Iqtisodiyot
MADRID, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Ispaniyaning «Unincoming Tour SL» sayyohlik kompaniyasi bosh direktori, Valensiyadagi «Silkway SL» Ispaniya-O‘zbekiston savdo va sarmoya uyining rahbari o‘rinbosari Oskar Latso bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Ispaniyadan mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va charter havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish hamda mamalakatimizning boy sayyohlik salohiyatini Ispaniya va Lotin Amerikasi hududlarida keng targ‘ib etish orqali sayyoxlar oqimini oshirish maqsadida bunga mutasaddi tashkilotlar, sayyohlik kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun infotur tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Oskar Latso o‘zining O‘zbekistonga o‘tgan yildagi safari chog‘ida mamlakatimizning sayyohlik sohasi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida mamlakatimizga infotur tashkil qilish masalalari muhokama etilganini maʼlum qilar ekan, shunga ko‘ra joriy yil 17-24 mart kunlari 26 nafardan iborat guruh aʼzolari uchun «Madrid - Istanbul - Toshkent - Samarqand - Buxoro - Xiva - Urgench - Istanbul - Madrid» yo‘nalishi bo‘yicha infotur rejalashtirilganligini, ushbu guruh tarkibidan Ispaniya va Meksika turagentlari, blogerlar, yutuberlar, inflyuyenserlar va OAV vakillari joy olganini aytdi.
Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Oskar Latso 2022 yil mart oyida amaliy safar bilan mamlakatimizda bo‘lgan edi.