06/Yanvar/2023 Iqtisodiyot
TOSHKENT, 6-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi hamda tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasining eksport, investitsiyaviy va sanoat salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshladi, deb xabar bermoqda «Dunyo »AA muxbiri.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISST) maʼlumotiga ko‘ra, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Shumanay va Xo‘jayli tumanlaridagi bir qator yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurilib, loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar va ishlab chiqarish quvvatlarini yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘rganish jarayonida ustuvor tarmoqlarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarni tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Turli hududlarda olib borilgan saʼy-harakatlar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va hajmini oshirish salohiyatiga ega bo‘lgan qator korxonalarni aniqlash imkonini berdi. Shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun aniq manzillar belgilab olindi. Bu, o‘z navbatida, 2023 yil oxiriga borib Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat ishlab chiqarish hajmini qo‘shimcha 1 trillion so‘mga oshirish imkonini beradi.
Shu kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va eksportni rag‘batlantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishning yangicha yondoshuvlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda sanoat o‘sishi, eksport ko‘rsatkichlari va investitsiya faoliyati nuqtai nazaridan 2022 yil yakunlari sarhisob qilindi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yili 17,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, eksport hajmi 108,6 million dollarni tashkil etdi, 40,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturi doirasida 959 ta loyihaga 177 million dollarlik investitsiyalar jalb etilgani, buning natijasida 16 ming 200 yangi ish o‘rni yaratilgani taʼkidlandi.
2023 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 20,5 trillion so‘mga, eksport hajmini 122,8 million dollarga yetkazish, shuningdek, 16 618 yangi ish o‘rni yaratish bilan umumiy qiymati 582,9 million dollarlik 934 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda chuqur tahlil qilish va samarali rejalashtirish asosida sanoat, investitsiyalar va eksport sohalari bo‘yicha bu ko‘rsatkichlarni oshirish ishlari olib borilayotgani alohida taʼkidlandi.
Mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun hududlarga biriktirilgan masʼul rahbarlarga ishchi guruhlarini shakllantirish, joylarga chiqish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va safarbar etish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish, sanoatni keskin rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan bo‘lajak investor va tadbirkorlar bilan muloqotni faollashtirish, kichik ishlab chiqarish korxonalarini o‘rta korxonalarga, o‘rta korxonalarni yirik korxonalarga transformatsiyalash muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, shuningdek, yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha hududlar va tarmoqlar kesimida aniq tarmoq jadvallarini ishlab chiqish topshirildi.
Ishchi guruhlarning hududlardagi faoliyati davom etmoqda.