07/Fevral/2023 Sanalar
ISTANBUL, 7 fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Istanbul shahar Fotix tumanidagi «Ali Amiri Afandi» madaniyat saroyida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunining 540 yilligi munosabati bilan adabiy-maʼrifiy tadbir tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Adabiy kechada Turkiya rasmiy va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, ushbu mamlakatda vaqtincha yashayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Bosh konsul Amirsaid Aʼzamxo‘jayev Alisher Navoiy merosi, sheʼriyat sultonining o‘zbek tili va adabiyotini rivojlantirishga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida to‘xtaldi. O‘zbekistonda Navoiy ijodini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, xususan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan respublika va xorijdagi kutubxonalarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni o‘rganish va keyingi avlodga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar haqida batafsil so‘zlab berildi.
Diplomat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabubsi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti makonida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilganini alohida qayd etdi. Har ikki yilda bir marta turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shgan bir kishiga ushbu mukofotni berish to‘risidagi nizomni imzolanishi ajdodlarimiz merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda muhim hissa bo‘ldi.
Istanbul tijorat universiteti professori Zebiniso Kamolova Alisher Navoiy va Zaxiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekistondan kelgan “Gulshan” va «Mohi maqom» maqom ansambllari tomonidan Navoiy va Bobur g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlaridan iborat musiqiy-teatrlashtirilgan dastur ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashdi.