Uz / Ўз Ru En

Toshkent

20/Yanvar/2022   Dolzarb

«Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun imzolandi

 TOSHKENT, 20 yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


 Ushbu hujjat Oliy Majlis  Qonunchilik  palatasi tomonidan 2021 yil 12 oktyabrda qabul qilingan va Oliy Majlis Senati tomonidan 2021 yil 19 oktyabr kuni maʼqullangan.

 Yangi Qonunda isteʼmolchi va sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ish va xizmat ko‘rsatuvchi) o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning yangicha mexanizmlari, shartnomaviy munosabatlarda isteʼmolchiga o‘zining qonunchilikda belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq berilishi va shartnomaga isteʼmolchining qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaslik kabi yangi talablar kiritilgan.

Shuningdek, isteʼmolchi tomonidan tovarlar uchun haq to‘lash naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olgan holda sotuvchiga haq to‘lash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi (modeli, artikuli) uchun har xil narxlar belgilashi taʼqiqlanmoqda.

Isteʼmolchiga sotilgan nuqsonli yoki maqbul sifatli tovarlarni qaytarib berishda o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan ayrim masalalarga ham aniqlik kiritilmoqda.

Xususan, agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, isteʼmolchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Tovarda nuqsonlar borligi va uning normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi tasdiqlangan taqdirda, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tekshiruv (test, ekspertiza) o‘tkazishni tashkil qilgan isteʼmolchi yoki isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga tovarlarni tekshirish (testdan o‘tkazish, ekspertiza qilish) bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘liq qoplashi kerakligi haqidagi meʼyor kiritilmoqda.

Bundan tashqari, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosati hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi huquq va vakolatlari ham Qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Tovarlarni namunalar va (yoki) ularning tavsifi bo‘yicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda isteʼmolchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish maqsadida ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi talablar alohida yangi modda sifatida kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda nodavlat jamoat birlashmalarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolat va huquqlariga aniqlik kiritilgan.

Hujjatda ishlab chiqaruvchi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari, tovar to‘g‘risidagi axborotni isteʼmolchilarga davlat tilida to‘liq yetkazish, tovarni ekspertizadan o‘tkazish holatlari o‘z aksini topgan.

Qonun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) masofadan turib, axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilish chog‘ida isteʼmolchilar huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni oldini olishga qaratilgan normalar bilan ham to‘ldirilgan.

Qonun qabul qilinishi isteʼmolchilar huquqlari buzilishining oldini olish, sotuvchining isteʼmolchi oldidagi masʼuliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid

Kambag‘allikni kamaytirish sari maqsadla...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida kun ...

Prezident: zamonaviy shifoxonalar qurish...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni Toshkent viloyati Zangi...

Singapur elchisi: O‘zbekiston iqlim o‘zg...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi Singapur...

So`nggi yangiliklar