Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Sentabr/2020   Iqtisodiy diplomatiya

Italiyada parvarishlangan za’faron piyozboshilari yetishtirish uchun O‘zbekistonda jo‘natildi


RIM, 22 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Italiyaning Breshia shahridan 5 million dona za’faron piyozboshlari ortilgan yuk mashinalari O‘zbekistonga yo‘l oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

64,5 tonna yuk ortilgan avtokarvon Yevroosiyoning 7 davlati: Sloveniya, Vengriya, Polsha, Belarus, Rossiya va Qozog‘iston hududlari orqali 6 ming 800 kilometr masofani bosib o‘tib O‘zbekistonga yetib keladi.

Bu noyob o‘simlikning a’lo navli piyozboshlari asrlar davomida Italiya seleksioner olimlari tomonidan yaratilgan. Ularni Baxmal adirlarida qimmatbaho za’faron yetishtirish maqsadida ekish rejalashtirilgan.

Ushbu sa’y-harakatlar Jizzax viloyatida za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish, sanoat usulida qayta ishlash hamda uni Italiya va boshqa Yevropa mamlakatlariga eksport qilish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 10 apreldagi “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohada hamkorlik uchun sharoit yaratdi.

O‘zbekistonning Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov ushbu loyihaga Elchixona tomonidan katta e’tibor qaratilib, tegishli amaliy yordam va qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirib kelinayotganini alohida ta’kidladi. Jumladan, diplomatik vakolatxona tashabbusi va ko‘magi bilan ikki tomon o‘rtasida bir necha bor muzokaralar tashkil qilinib, turli masalalarda maslahatlashuvlar olib borildi.

Natijada O‘zbekistonning “BMB Trade Group” kompaniyasi bilan Italiyaning “Opera SRL” kompaniyasi o‘rtasida za’faron yetishtirish va uni eksport qilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda quyidagi ishlar belgilangan:

-za’faron yetishtirish uchun tuproqni o‘rganish, mahsulot sifatini aniqlash uchun tadqiqot va innovatsiya laboratoriyasini qurish;

-professional agronom va texnologlarni jalb qilish;

-zamonaviy asbob-uskuna, maxsus texnika bilan ta’minlash va za’faronni texnik, tibbiy, pazandalik va boshqa maqsadlarda qayta ishlash uchun ishlab chiqarishni ishga tushirish;

-mahsulotlarni qadoqlash va ularni Italiyaga eksport qilishni tashkil etish.

Hozirgi paytda ushbu investitsiya loyihasi “BMB Trade Group” hamda “Opera SRL” kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, umumiy qiymati 34,4 million yevroni tashkil etadi. Kiritilgan investitsiyalarning aksariyat qismi za’faron piyozboshi ulushiga to‘g‘ri keladi. Loyiha doirasida mahalliy aholi uchun 200 ga yaqin doimiy va 7 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari loyiha doirasida mamlakatimizga Italiyadan malakali agronom va yuqori malakali texnologlar jalb qilingan bo‘lib, yaqin kelajakda zamonaviy sertifikatsiya laboratoriyalarini yaratish ko‘zda tutilgan.

2020 yil 1 mayda tuzilgan “BMB-OPERA ZAFFERANO” O‘zbekiston – Italiya qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini dorivor o‘simliklar klasteri sifatida yuritib kelmoqda.

Piyozboshilarni O‘zbekistonga yuborish chog‘ida “Opera SRL” kompaniyasi prezidenti Paolo de Anjelis “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.

– Ushbu tadbir Italiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tarixida muhim voqeadir. Chunki Italiyada yetishtirilgan za’faron piyozlari birinchi marta o‘z tarixiy vatanini tark etmoqda.

O‘zbekiston – Italiya loyihasi doirasida Breshia shahridan 5 million dona dorivor o‘simlik piyozi jo‘natilmoqda. Yaqin kunlarda qolgan 75 million donasini ham yuborish rejalashtirilgan.

Bundan bir yil oldin O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko‘magida “BMB Trade Group” va “Opera SRL” kompaniyalari za’faron yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish loyihasini boshlagan edi. Yaratilgan qulay investitsiya muhiti, Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tufayli bugun O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yangi va keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Jizzax viloyati xokimligi tomonidan “BMB Trade Group” va “Opera SRL” kompaniyalariga qisqa vaqtda Baxmal tumanidan 400 gektar yer ajratildi. Bundan tashqari loyihani amalga oshirishda Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘makni his qilyapmiz.

“BMB Trade Group” investitsiya va konsalting kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistonni jahon bozorida yetakchi ishtirokchi sifatida ko‘rsatishga imkon beradigan eng yirik za’faron plantatsiyalaridan birini yaratmoqchimiz.

Bundan tashqari, “BMB Trade Group” bilan birgalikda za’faron klasterida kulinariya, farmatsevtika va boshqa sohalarda yuqori talabga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni rejalashtiryapmiz.

Ta’kidlash joiz, dastlabki yilda qayta ishlanib, qadoqlangan za’faron mahsulotlarining Italiya “GEOS GROUP” xoldingi tarkibidagi “GESFARM” kompaniyasiga kafolatlangan eksporti amalga oshiriladi.

Mazkur kompaniya Italiyadagi 5 mingdan ziyod dorixonalar ta’minoti bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda ushbu kompaniya bilan 12 million yevroga teng za’faron yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarla...

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat ene...

O‘zbekiston va Janubiy Koreya birgalikda...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida «H Sulphur Corp.» kompaniyasi bosh menejeri Xan Min...

Janubiy Koreya kompaniyasi bilan sanoat ...

Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan «O‘zeltexsanoat» uyushmasi ...

So`nggi yangiliklar