Uz / Ўз Ru En

Toshkent

19/Oktabr/2021   Madaniyat

Italiyaning San-Remo shahrida o‘tkazilgan bolalar xalqaro musiqa festivalida O‘zbekiston vakili birinchi o‘rinni egalladi


 RIM, 19 oktyabr. / “Dunyo” AA/. Italiyaning San-Remo shahrida o‘tkazilgan «Sanremo Junior» bolalar xalqaro musiqa festivalida 11 yoshli yurtdoshimiz Sofiya Singx Gill birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, mazkur musiqiy tanlovda mamlakatimiz vakili ilk bor o‘z isteʼdodini namoyon etdi.

O‘zbekistonlik ishtirokchi shu kunga qadar qator xalqaro musobaqalarda qatnashgan. Hozir u Toshkent xalqaro maktabining 6-sinfida o‘qiydi. Ingliz va rus tillarida ravon so‘zlashadi, fransuz tilini o‘rganmoqda.

Tanlovning saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Sofiya finalda Italiya simfonik orkestri bilan birgalikda San-Remo sahnasida “Aerosmith” musiqiy guruhi tomonidan “Armagedon” filmi uchun  bastalangan «I Don‘t Want To Miss A Thing» nomli saundrekni ingliz tilida ijro etdi.

O‘zbekiston vakilining ijrosi tomoshabinlar va hayʼat aʼzolarida katta taassurot uyg‘otdi. Hakamlar hayʼati ijrochining vokal qobiliyati va qo‘shiqning mukammal ijrosi uchun unga  yuqori baho qo‘ydi. Natijada Sofiya Singx Gill  xalqaro musiqa tanlovida  barchadan ko‘p ball to‘plab, 1-o‘rinni egalladi.

Tanlov yakunida O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov Sofiya Singx Gill, uning ustozi, xonanda Saidoyi va onasi Komila Abdullayeva bilan uchrashdi. Diplomatik missiya rahbari yosh ijrochi va ustozini ushbu katta g‘alaba bilan tabriklab, bu O‘zbekistonda bolalarning musiqiy-vokal tayyorgarligi darajasi va sifatini ko‘rsatuvchi muhim voqea ekanini taʼkidladi.

Bundan tashqari, mazkur tadbir YUNISEF homiyligida va Sanʼat arboblarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro assotsiatsiyasi ko‘magida o‘tkazilganining muhimligi qayd etildi.

Maʼlumot uchun, «Sanremo Junior»  YUNISEF  va San-Remo maʼmuriyati homiyligida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida  o‘tkaziladigan mashhur xalqaro musiqa festivallaridan biri hisoblanadi. Tanlov ishtirokchilari mashhur “Ariston” teatri sahnasida o‘z mahoratini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.  Mazkur  teatr sahnasida San-Remo musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Jahonning mashhur vokal ijrochilari Adriano Chelentano, Toto Kutunyo, Eros Ramazotti va boshqalar aynan shu sahnada katta ijodiy faoliyat sari yo‘l olgan.

Mavzuga oid

Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch ...

Mamlakatimiz xalqaro miqyosdagi nufuzli anjuman — Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch ...

Yosh kinoijodkorlarga filmlar suratga ol...

«Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» media-haftaligi doirasida tanlab olingan yosh kinoijodkor...

Yaponiyada Rishton kulolchilik mahsulotl...

Yaponiyaning Tochigi prefekturasi Mashiko shaharchasidagi Sukamoto galereyasida Rishton ku...

So`nggi yangiliklar