Uz / Ўз Ru En

Toshkent

16/Sentabr/2021   Iqtisodiy diplomatiya

ITSV: O‘zbekiston xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikni izchil kengaytiradi


TOSHKЕNT, 16 sentabr. /«Dunyo» AA/.  O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) boshqaruvchi direktori Maxtar Diop bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) manbasiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va XMK o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Maxtar Diop O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ko‘lami va sur’atlariga yuqori baho berib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdi.
XMK rahbariyatiga moliya bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik, qishloq xo‘jaligi, transport va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan maslahat va texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekistonda muqobil energetika va kimyo sanoati sohalarida keng ko‘lamli loyihalarni ilgari surishda XMK ning o‘rni yuqori baholandi.
Muloqot chog‘ida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishni nazarda tutgan holda aralash moliyalashtirishning innovatsion vositalarini joriy etishda XMKning texnik yordamini jalb etish masalasi muhokama qilindi.
XMK rahbariyati shuningdek, O‘zbekiston Hukumati va Islom taraqqiyot banki tomonidan boshqariladigan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi faoliyatida moliyalashtirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda texnik yordam ko‘rsatish orqali ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, shuningdek, bu yo‘nalishda XMKning yangi vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Muqobil energiya sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishning muvaffaqiyatli tajribasini boshqa sohalarga, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, jamoat transporti, qattiq chiqindilarni boshqarish va uy-joy kommunal xo‘jaligiga yoyishda XMK yordamini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, korxonani moliyalashtirish mexanizmini jalb etish orqali axborot texnologiyalari sohasidagi boshlang‘ich loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida amaliy hamkorlik qilish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Mavzuga oid

Janubiy Koreyaning «MBC Rental» kompaniy...

O‘zbekiston Respublikasining Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mutasaddilari bilan...

O‘zbekiston delegatsiyasi Qatar investit...

Qatarda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosar...

ITSVda xalqaro yuridik firmalar va tashk...

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari – Strategik rivojlanish ag...

So`nggi yangiliklar