Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Noyabr/2021   Iqtisodiy diplomatiya

ITSV: Seulda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi


 TOSHKENT, 27  noyabr. “Dunyo” AA/. Kecha Seul shahrida O‘zbekiston va Janubiy Koreya Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining 4-Yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Koreya Respublikasi delegatsiyasiga esa Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki boshchilik qildi. Uchrashuvda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash, yengil va elektrotexnika sanoati hamda boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikka masʼul bo‘lgan vazir o‘rinbosarlari va ikki mamlakat vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirishni muhokama qilish, shuningdek, ko‘p qirrali ikki tomonlama sheriklikni yana-da chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun maydonchaga aylandi.

Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holatini ko‘rib chiqib, sanoat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyotni raqamlashtirish, “yashil” texnologiyalar, ilm-fan va taʼlim sohalarida yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutgan holda, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va Koreyaning ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish bo‘yicha saʼy-harakatlarni faollashtirish dolzarbligini taʼkidladilar. Tez orada ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan iqtisodiy samaradorligi har tomonlama ko‘rib chiqiladigan aniq loyihaviy takliflar ilgari surildi.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barqaror ijobiy dinamikasi qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonning Koreyaga amalga oshirilgan eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston tomoni Janubiy Koreya hukumatining O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan o‘zaro savdo hajmini 2023 yilga borib 10 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlab olib borilayotgan «Yangi Shimoliy siyosat»ini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini hamda ushbu tashabbus doirasida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Moliyaviy va texnik hamkorlikni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. EDCF jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Farmatsevtika klasteri, Kimyoviy texnologiyalar markazi va o‘zida kattalar uchun ko‘ptarmoqli shifoxona, onkologik kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan shifoxona va tibbiyot universitetini mujassam etgan Tibbiyot klasteri kabi loyihalarning hozirgi holati ko‘rib chiqildi. Koreyaning KOICA Xalqaro hamkorlik agentligi bilan muvaffaqiyatli munosabatlar ham qayd etildi. Jumladan, uning yordamida O‘zbekistonda qiymati 32 mln dollarga teng bo‘lgan 130 ta loyiha amalga oshirildi va Koreyada o‘zbek mutaxassislari uchun 2 mingdan ortiq amaliyot kurslari tashkil etildi. KOICA bilan 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturini shakllantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Tomonlar bo‘lajak oliy darajadagi tashrif davomida hujjatni imzolash maqsadida uni nihoyasiga yetkazishga kelishib oldi.

Uchrashuv davomida bo‘lib o‘tgan fikr almashuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun ulkan zaxiralar mavjudligini ko‘rsatdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish hamda O‘zbekiston-Koreya Respublikasi munosabatlarini yana-da chuqurlashtirish borasida yangi takliflar bilan almashish maqsadida yaqindan muloqot qilishni davom etishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Um...

Janubiy Koreya Eksimbanki raisi bilan O‘...

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respub...

«BNBM Co.,Ltd» kompaniyasi Farg‘onada gi...

O‘zbekiston Respublikasining Pekindagi elchixonasi ko‘magida Xitoyning «BNBM Co.,Ltd» va F...

So`nggi yangiliklar