21/Noyabr/2022 Eksport
TOSHKENT, 21 noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida 18 noyabr kuni videokonferensaloqa vositasida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga ko‘ra, unda Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari rahbarlari, Yashnobod, Bektemir, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Yunusobod tumanlari hokimlari, ularning o‘rinbosarlari va boshqa masʼullar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining Toshkent shahar tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlari ijrosi, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar bilan manzilli ishlarni tashkil etish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirish va tashabbuskorlarning muammolarini hal etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Toshkent shahar tumanlariga biriktirilgan masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi. O‘tkazilgan tahlil vazifalarni hal qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishdagi kamchiliklarni ko‘rsatdi. Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy byudjetlarning daromad manbalarini kengaytirish, jamoat transporti va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari»ga kiritilganlarni ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bosh shtabni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bundan tashqari, tuman hokimliklarida tezkor shtablar tashkil etilib, ularga tuman hokimlari rahbarlik qiladi. Ularning vazifalari sirasiga vaziyatni o‘rganish va hududlarni yana-da ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha tizimli takliflarni ishlab chiqish kiradi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnoma qabul qilindi, uning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan olib boriladi.