Uz / Ўз Ru En

Toshkent

17/Fevral/2021   Iqtisodiy diplomatiya

Janubiy Koreya kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekistonda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi


SEUL, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugun Janubiy Koreya tomoni tashabbusi bilan O‘zbekiston elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasi zargarlik sanoati federatsiyasi raisi Li Bong Sing bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda Toshkent shahrida oltindan zamonaviy eksportbop zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur mnvestitsiya loyihasining umumiy qiymati 5 million dollarga teng bo‘ladi.

Li Bong Sing Toshkentda 2019 yil boshida «ASIA AVID» xorijiy korxonasi tashkil etilgani, u O‘zbekiston zargarlar assotsiatsiyasiga birinchilardan bo‘lib aʼzo bo‘lganini bildirdi. O‘tgan davrda Toshkentdagi doimiy ofis marketing tadqiqotlarini olib bordi, O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar bozorlarini o‘rgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning zargarlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ochiq siyosati va eʼtibori O‘zbekiston bozoriga kirish uchun asosiy turtki bo‘lmoqda. 2019-2023 yillarda zargarlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha mamlakatda qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar dasturi, jumladan, zargarlik va qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish va biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. «Ko‘plab mamlakatlar federatsiyamizga xorijda qo‘shma korxonalar ochishni taklif qilishiga qaramasdan, biz mamlakatingizga bo‘lgan muhabbatimiz tufayli o‘z faoliyatimni kengaytirish uchun O‘zbekistonni tanladik», - dedi Li Bong Sing.

Toshkentda mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Janubiy Koreya tomoni ishlab chiqarish jarayoni tashkil qilish, shu jumladan, ilg‘or texnologiyalar joriy etish, zamonaviy dizayndan foydalanish va mahalliy kadrlarni tayyorlashni uyushtirishga tayyorligini bildirdi. Ayni paytda 1,5 million dollarlik ishlab chiqarish texnikasi va jihozlar O‘zbekistonga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘yilgan. Uskunalarning aksariyati dunyoda o‘xshashi yo‘q va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari tomonidan buyurtma asosida tayyorlangan. Tashkilot O‘zbekistondagi hamkori bilan birgalikda 3 yil ichida to‘la ishlab chiqarish quvvatiga chiqib, 500 ta yangi ish o‘rni yaratadi.

Li Bong Sing, shuningdek, Osiyodagi eng yirik bozor — Gonkong bozoriga O‘zbekistondan tayyor zargarlik buyumlarini eksport qilishga qiziqish bildirdi. U Gonkongdan berilayotgan buyurtmalarni O‘zbekistonda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonaga yo‘naltirishga tayyorligini bildirdi. Bu O‘zbekistondan zargarlik buyumlari va qimmatbaho metallardan tayyorlangan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni barqaror eksport qilishni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.

Muzokaralar natijasida investitsiya loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va O‘zbekiston vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish, shu jumladan, videokonferensiyalar tashkil etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchixonasida Malayziyaning ...

O‘zbekiston elchixonasida Malayziya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-for...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston Respubli...

BMT YeIK «Barqaror rivojlanish uchun in...

O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy...

So`nggi yangiliklar