Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/May/2022   Sayyohlik

Janubiy Koreya poytaxtining aholi gavjum bo‘lgan jamoat joylarida Toshkentning turizm salohiyati to‘g‘risidagi videoroliklar namoyish etilmoqda

SEUL, 21-may. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 10 maydan boshlab Toshkent shahrining sayyohlik salohiyatini o‘zida aks ettiruvchi videoroliklar Janubiy Koreya poytaxtining markaziy ko‘chalari va aholi gavjum bo‘lgan jamoat joylarida namoyish etilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston va Janubiy Koreya poytaxtlari o‘rtasida 2010 yilda o‘rnatilgan o‘zaro birodarlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, shuningdek ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 30 yilligini keng nishonlash doirasida amalga oshirilayotgan mazkur tadbir 24 mayga qadar davom etadi.

Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, diqqatga sazovor joylari, milliy taomlari, xalq madaniyatiga bag‘ishlangan videoroliklar Seul shahar maʼmuriyati qarshisida joylashgan yirik hajmdagi markaziy monitorda, poytaxt metrosining eng gavjum bo‘lgan 10 ta stansiyasida namoyish qilinmoqda.

Toshkent shahri haqidagi videorolik namoyish etilayotgan metro stansiyalarida yo‘lovchilar qatnovi kuniga qariyb 1 million nafarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Toshkentning go‘zalligini namoyon qiluvchi videotasvirlar Seul meriyasi tomonidan boshqariladigan markaziy raqamli axborot tizimiga kiruvchi 100 ga yaqin mussasaning ekranlarida efirga uzatilmoqda. Bular qatorida Janubiy Koreya poytaxtidagi muzeylar, teatrlar, ilmiy-maʼrifiy markazlarni sanab o‘tish mumkin.

Shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalari doirasida ayni kunlarda Seulning turizm salohiyati haqidagi videoroliklar Toshkent shahridagi markaziy monitorlarda ham namoyish etilmoqda.

Poytaxtimiz sayyohlik salohiyati to‘g‘risidagi videolavhalar Janubiy Koreya aholisi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi hamda birodar shaharlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Mazkur tadbir, shubhasiz, respublikamizning turizm salohiyatini Janubiy Koreyada sezilarli darajada targ‘ib qilishga va ushbu mamlakatdan ko‘plab sayyohlar oqimini yurtimizga jalb qilishga xizmat qiladi.

 Li Junxo, Seul meriyasi xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi:

- Bu yil Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi bilan ahamiyatlidir. Joriy yil doirasida ikki davlat poytaxtlari – Toshkent va Seul shaharlari o‘rtasida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgani sari Toshkent va Seul o‘rtasidagi hamkorlik yana-da faollashadi, deb umid qilamiz.

Janubiy Koreya fuqarosi:

- Toshkent shahri haqida namoyish etilayotgan videoroliklar juda ham qiziqarli va taʼsirli ekan. Uni ko‘rganimdan so‘ng menda Toshkent haqida yana-da ko‘proq maʼlumot olishga qiziqish paydo bo‘ldi. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, albatta, O‘zbekistonga borishni rejalashtiryapman. Toshkentni “Marvarid shahar” degan chiroyli nom bilan atalishi menga juda ham yoqdi. Shuning uchun kelajakda uni albatta o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni xohlayman.

 

 

Mavzuga oid

Xavfsiz turizmni ta’minlashda Tailand ta...

O‘zbekiston Respublikasining Bangkokdagi Bosh konsulligi tashabbusi bilan joriy yilning 9-...

O‘zbekiston, Germaniya va Avstriya sayyo...

Videokonferensiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda faol targ‘ib q...

O‘zbek milliy taomlari Pekinda o‘tkazilg...

O‘zbekiston elchixonasi 2021 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti hududida «Madaniyat yili» de...

So`nggi yangiliklar