28/Iyun/2021 Vatandoshlarimiz
SEUL, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. 2 iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan yurtimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan «Davlat gerbi - Vatan timsoli» mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda elchixona xodimlari, Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi faollari ishtirok etdi.
Uchrashuvda davlat gerbining mazmun-mohiyati, uning ahamiyati haqida qiziqarli va muhim maʼlumotlar berildi. Davlat gerbi – davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatishi va o‘zida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtirishi qayd etildi.
Shuningdek, davlat va millat mavjudligining ramzi bo‘lmish davlat tili mavzusiga alohida to‘xtalib, bugungi kun uchun buning ahamiyatini dildan his etish va amaliyotga joriy etish masalalariga har bir shaxs masʼul ekani alohida taʼkidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan o‘zbekistonlik yoshlar davlat gerbida o‘z ifodasini topgan jannatmonand diyorimiz husn-tarovatiga ishora etuvchi manzaralardan tortib, daryo, bug‘doy boshog‘i, g‘o‘za va paxta chanoqlari xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasi, quyosh, yarim oy, yulduz - jamiyatimiz jipsligi belgisi, shuningdek, omad, himmat, olijanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi bo‘lgan afsonaviy Humo qushi - bularning barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti, tarixi, ruhiyati va anʼanalari bilan chambarchas bog‘liq timsollar ekanini taʼkidladi.
Yulduz Otanazarova, «Sun Moon» universiteti xalqaro aloqalar fakulteti magistranti, O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi koordinatori:
- Davlat va millatning mavjudligi, uning orzu-istaklari, tafakkur tarzi, ruhiyati va o‘ziga xosligi uning ramzlarida aks etadi. Shu sababdan ramzlar yurt uchun eng muqaddas qadriyat hisoblanadi. Davlat ramzlari orasida gerb alohida ahamiyatga ega. Gerbimiz davlatimizning siyosiy, milliy, jug‘rofiy, etnik va boshqa xususiyatlarini hamda boy tarixiy anʼanalarini o‘zida mujassamlashtirgan. «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi respublika davlat mustaqilligining ramzidir.
G‘anisher Qo‘ldoshev, Janubiy Koreyaning “Dongguk” universiteti magistranti:
- Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Shu bois, dunyoning qaysi burchagida bo‘lishimizdan qatʼiy nazar, davlat ramzlariga ko‘zimiz tushganida yoki madhiyamizni qulog‘imizga chalinganida ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatni, qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘usini his etamiz.