Uz / Ўз Ru En

Toshkent

08/Sentabr/2021   Mustaqillikka 30 yil

Janubiy Koreyalik hamkorlarga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonlari topshirildi


SEUL, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan Janubiy Koreyalik hamkorlarga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonini tantanali ravishda topshirish marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 avgustdagi farmoniga muvofiq, Vatanimiz istiqlolining 30 yilligini keng nishonlash munosabati bilan hamda mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida xorijiy davlatlar vakillari ham «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlangan edi.

Ushbu mukofot “The Korea Times” gazetasi prezidenti va noshiri O Yong Chjin hamda “Myong Song Plakon LTD” kompaniyasi prezidenti Jong Yong Xunga tantanali ravishda topshirildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, ushbu mukofot sohibi bo‘lish O Yong Chjinning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati bilan Janubiy Koreya jamoatchiligini keng tanishtirish borasidagi faol xizmatlari mahsulidir. “The Korea Times” gazetasi rahbari bo‘lganidan buyon u O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi bilan faol hamkorlikda mazkur nufuzli nashrda muntazam ravishda yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘nlab maqola va tahliliy materiallarning chop etilishida amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Bundan tashqari, O Yong Chjin O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Shu maqsadda joriy yil iyun oyida Xalqaro press-klub hamda “The Korea Times” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat asosida tomonlar axborot almashuvini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, kelajakda ikki tashkilot mutaxassislarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining faol talabalari uchun “The Korea Times” gazetasi ofisida amaliyot o‘tash, ushbu gazetaning yetakchi jurnalistlari ishtirokida universitet talabalari uchun onlayn-darslar tashkil etish singari qator vazifalarni amalga oshiradi.

“Myong Song Plakon LTD” kompaniyasi prezidenti Jong Yong Xun 2005 yildan beri O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. U 2010 yilda O‘zbekistonda o‘z kompaniyasining vakolatxonasini barpo etdi va so‘nggi 10 yilda qishloq xo‘jaligida “smart” texnologiyalarni tadbiq qilish maqsadida 400 dan ortiq investitsion loyihani amalga oshirdi. Shu jumladan, Jong Yong Xun ishtirokida respublikamizning 12 viloyatida 1 ming 300 gektarda zamonaviy issiqxonalar barpo etildi, 30 mingga yaqin mahalliy aholi ish bilan taʼminlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va shaxarlarida ham “smart” issiqxonalarini tashkil etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Shu bilan birga, Jong Yong Xun respublikamizda koronavirusga qarshi kurashish va tabiiy ofatlardan aziyat chekkan aholiga ko‘mak ko‘rsatish uchun Janubiy Koreya tomonidan umumiy qiymati 1,5 million dollarlik tibbiyot uskuna-anjomlari hamda boshqa gumanitar yordam ajratilishi va ularni O‘zbekistonga yuborilishida bevosita ishtirok etdi.

Tantanali marosimda Janubiy Koreya vakillari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ularga ko‘rsatilgan bunday katta eʼtibor uchun minnatdorchilik izhor etildi. Ular ushbu tadbir o‘zlarining hayotidagi unutilmas voqealardan biri bo‘lib qolajagini taʼkidladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston do‘stlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, do‘stlik va alohida strategik sheriklik aloqalarini yana-da ravnaq topishiga yana-da ko‘proq hissa qo‘shishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Mavzuga oid

Janubiy Koreyaning Ansan shahridagi vata...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahr...

O‘zbekiston harbiylari Qatarda o‘tkazila...

O‘zbekiston mudofaa vazirligi jamoasi Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan VII Xal...

IHT Bosh kotibi: Biz tashkilot doirasida...

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy “Dunyo” axborot agentligi ...

So`nggi yangiliklar