02/Dekabr/2022 Vatandoshlarimiz
SEUL, 2 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakillaridan iborat delegatsiyaning Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi doirasida elchixona ko‘magi bilan Chonan shahrida joylashgan Sunmun universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan muloqoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda elchixona vakillari tomonidan Konstitutsiya xalqimizning istiqlol yillarida erishgan ulkan tarixiy yutug‘i bo‘lgani, aynan Bosh qomusimiz suveren davlatimizning huquqiy negizini shakllantirishning asosiy poydevori, mustaqil davlatchiligimizning tamal toshi bo‘lgani qayd etildi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakillari so‘zga chiqib, yosh vatandoshlarimizga assotsiatsiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari, shuningdek, erishilgan natijalar xususida batafsil maʼlumot berishdi. Assotsiatsiya tomonidan olib borilayotgan loyihalar hamda xorijda istiqomat qilatyogan yoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
Xususan, assotsiatsiyaning «Isteʼdodli vatandosh» stipendiyasi, «O‘sish ko‘prigi» loyihalari doirasida davlat xizmatiga ishga joylashish, shuningdek tashkilotning koordinatori sifatida faoliyat yuritish tartibi va shartlari xususida batafsil maʼlumot berildi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati haqida, shuningdek, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi faoliyati haqida hikoya qiluvchi axborot materiallari taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida 150 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgan ushbu universitetda assotsiatsiyaning koordinatorlari tayinlandi.