Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Yanvar/2022   Jamiyat

Joriy yilda "Zakovat" intellektual klubiga davlat budjetidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi

TOSHKЕNT, 24-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 
Ushbu hujjat bilan "Zakovat" intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy- ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. 
 
Qarorda Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklangan:
 
- yoshlarning intellektual rivojlanishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib borish;
 
- yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlar, notiqlik musobaqalari, chet tillarda munozara va uchrashuvlar o‘tkazish;
 
- yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni rivojlantirish hamda ommalashtirishga qaratilgan loyihalarga grantlar ajratish;
 
- intellektual o‘yinlar va ulardagi iqtidorli ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlarning elektron platformaga kiritilishini ta’minlash va intellektual o‘yinlar natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish.
 
Tashkiliy qo‘mita tavsiyasiga ko‘ra intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor (1-3-o‘rinlar) bo‘lganlar:
 
- umumiy o‘rta ta’lim maktablari, shu jumladan, Prezident ta’lim muassasalari o‘quvchilari - o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalariga;
 
- o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari - oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga, oliy ta’lim muassasalari talabalari - ta’limning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.
 
Shu bilan birga, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan "Zakovat" stipendiyasi ta’sis etiladi. Stipendiya davlat budjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda ta’lim muassasalarida tashkil etilgan "Zakovat" intellektual klublarining koordinatori bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hamda oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan bir oylik mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama to‘lab beriladi. 
 
Davlat budjetidan "Zakovat" intellektual klubi" NNTga 2022 yilda 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Kelgusi yillarda mablag‘lar "Zakovat" intellektual klubiga asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratiladi.
 
Qarorda qayd etilishicha, 2022 yildan boshlab har yili ta’lim yo‘nalishi, sohasi, mutaxassisligidan qat’iy nazar respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida Intellektual olimpiada tashkil qilib boriladi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab har yili aprel oyida "Intellektual haftalik" tadbiri o‘tkaziladi.
 
Ushbu hujjat joriy yil 21 yanvardan boshlab kuchga kirdi.

Mavzuga oid

Shaxid TASLIM – hind yoshlarining o‘zbek...

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan o...

Transchegaraviy suvlardan foydalanishga ...

Professor V.Duxovniy rahbarligidagi Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissi...

Xalqaro mehnat tashkiloti vakili ishtiro...

Sirdaryo viloyati hokimligida Xalqaro mehnat tashkiloti vakili Oksana Lipkanu ishtirokida ...

So`nggi yangiliklar