21/Noyabr/2022 Hamkorlik
SEUL, 21 noyabr. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori Bunyodjon Oxunov hamda Ilm-fan va innovatsion faoliyatga investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Hoshimov Koreya mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi (KOAMI) kompaniyalar hamkorligi bo‘limining boshqaruvchi direktori Xan Kyun Seuk bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Innovatsion rivojlanish vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida KOAMI vakillari Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikka alohida to‘xtalib, istiqboldagi hamkorlikka tayyorligini qayd etishdi.
Bunyodjon Oxunov ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish loyihasi orqali Koreyada ko‘plab hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatilayotganiga alohida to‘xtalar ekan, mazkur loyiha kelgusi faoliyat uchun munosib zamin hozirlashiga umid bildirdi.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, ayni paytda KOAMI O‘zbekistonda uchta loyihani amalga oshirmoqda. Ulardan ikkitasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan.