Uz / Ўз Ru En

Toshkent

12/Sentabr/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

Konstitutsiyaviy komissiyaga Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi

TOSHKЕNT, 12 sentabr. /«Dunyo» AA/. 10 sentabr kuni Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 


Oliy Majlisning quyi palatasi tomonidan ma’lum qilinishicha, unda Komissiya a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hamda uni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishda boshidanoq xalq manfaatlaridan kelib chiqib ish tutdi. Qonun loyihasining ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida mamlakatning barcha hududlarida ochiq-oshkoralik prinsiplari asosida tadbirlar tashkil qilindi. Deputatlar saylov okruglaridagi faoliyati, hududlardagi uchrashuvlari va saylovchilar bilan olib borilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari davomida konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazdi.
Mazkur uchrashuvlarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qo‘yilgani to‘g‘ri bo‘lganligi fuqarolar tomonidan alohida e’tirof etildi. Eng muhimi, umumxalq muhokamasi davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Bu esa umumxalq muhokamasi muddatini uzaytirish haqidagi qaror maqsadga muvofiq va o‘z vaqtida bo‘lganini yana bir bor isbotladi.
Fuqarolarimizdan kelib tushayotgan takliflar orasida soliqqa tortishning adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, mehnat huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishi, davlat organlari faoliyatining ochiq bo‘lishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga aralashmaslik, odil sudlovning fakat sud tomonidan amalga oshirilishi va boshqa shu kabi kelib tushgan takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, e’tirozlarga sabab bo‘lgan ayrim normalar loyihadan chiqarib tashlandi. Bu, o‘z navbatida, qonun loyihasi xalqimiz takliflari asosida maromiga yetkazilib, Bosh Qomusimizni tom ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganidan dalolat beradi.
E’tiborlisi, mazkur jarayonga xorijdagi o‘zbekistonliklar ham befarq bo‘lishmadi. Jumladan, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasiga tashrif buyurgan har bir xorijiy delegatsiya a’zolari bilan Takliflar bilan ishlash guruhi, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati xodimlari o‘rtasida suhbatlar uyushtirildi. Ular O‘zbekiston parlamentining quyi palatasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, konstitutsiyaviy islohot jarayonida qanday ishlar olib borilayotganini amalda ko‘rdi.
Xuddi shu tajriba haqida Jenevadagi 30 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, Nyu-Yorkda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida 40 dan ziyod davlatning doimiy vakillari va boshqa xalqaro tashkilotlar mutasaddi rahbarlariga ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, bugungi kunga qadar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlab xalqaro tashkilotlar darajasida 11 ta, xorijiy davlatlarda ham ko‘plab tadbir o‘tkazilgan. Ularda xalqaro hamkorlar O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot borasida ilg‘or qadamlar qo‘yilayotganini hamda yurtimiz konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to‘plaganini aytib, Yangi O‘zbekiston ayni sohada eng to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini bildirgan.
Bugungi yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shu kunga qadar 8 ta milliy ekspertizadan o‘tkazilgani, shuningdek, Toshkentda BMT, YUNISЕF (BMT Bolalar fondi), YEXHT (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) kabi tashkilotlar vakillari bilan 3 ta xalqaro jamoatchilik maslahatlashuvi tashkil etilgani ta’kidlandi.
Fuqarolarimizdan kelib tushgan takliflar Bosh Qomusimizni chin ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylantirish uchun keng va qulay imkoniyat yaratgani, ayni vaqtda mas’ul qo‘mitalarda har bir taklif ekspertlar, soha mutaxassislari, olimlar, siyosatchilar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, shu asosda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilayotgani aytib o‘tildi.
Xususan, takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bergan taklifi bevosita o‘zining ishtirokida muhokama etildi. Uzoq hududlarda joylashgan taklif egalari bilan masofadan turib onlayn ishlar olib borildi. Bu O‘zbekiston xalqiga umumxalq muhokamasida ishtirok etib, konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirish imkonini berdi.
Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining davlat tilidagi matni tahririni tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, loyihada normativ-huquqiy atamalar o‘z mazmuniga muvofiq, yagona shaklda, to‘g‘ri qo‘llanilgan. Adabiy til qoidalari va normalari talablariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga aniq rioya qilingan. Eng muhimi, loyihadagi normalar sodda va ravon aks ettirilgan. Uning sifati va darajasi hozirgi kundagi jahon konstitutsiyaviy taraqqiyotining tendensiyalariga to‘la mos keladi.
Shu bois, qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan u deputatlar muhokamasiga kiritiladi. Xalq vakillarining fikrlari e’tiborga olingan holda keyinchalik tayyor bo‘ladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi. Konstitutsiyaviy islohot umumxalq ovoz berish orqali amalga oshirilishi Bosh Qomusimizning aholi xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan xulosalar qilindi.

 

Mavzuga oid

Polshada O‘zbekistondagi konstitutsiyavi...

Mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasida O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘y...

Belgiyadan munosabat: Yangilangan Konsti...

Yevropaning “EU Reporter” axborot platformasida “O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotla...

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan ...

Kecha mamlakatimizning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi xodimlari Tashqi mehnat migra...

So`nggi yangiliklar