29/Noyabr/2022 Investitsiyalar
TOSHKENT, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun “Koreya-O‘zbekiston” biznes assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon boshchiligidagi koreyalik ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya Sirdaryo viloyatiga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya vakillari Guliston shahridagi «Tadbirkorlar va hunarmandlar» markazida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlik aloqalarining istiqbollari borasida fikr almashildi. Tomonlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi, taʼlim, favqulodda vaziyatlar bilan kurashish, shuningdek, viloyatda Janubiy Koreya standartlari asosidagi shaharsozlik normalarini joriy etish borasida amaliy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv Janubiy Koreya bilan hamkorlikda viloyatda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va maktabgacha taʼlim sohasida boshlangan muzokaralarni davom ettirish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Samimiy va ishchanlik ruhida kechgan muloqot davomida aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, tez orada Guliston shahrida qator afzalliklarga ega, qiymati 50 million dollarga teng bo‘lgan «aqlli shahar» barpo etishga kirishiladi.
«EduLink Global» kompaniyasi tomonidan «Guliston New City» loyihasi doirasida Janubiy Koreya tajribasi asosidagi maktabgacha taʼlim muassasasi qurilishi ham nazarda tutilmoqda.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar yuqoridagi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hudud infratuzilmasi bilan ham tanishdi.