25/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
TOKIO, 25-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgarishlarning mazmuni va dolzarbligi yuzasidan Yaponiya Kompyuterlash sohasida xalqaro hamkorlik markazi xodimi Kotaro Okada “Dunyo” axborot agentligiga quyidagi fikr-mulohazalarini bayon etdi:
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi va aprel oyida mamlakatda referendum o‘tkazilishi rejalashtirilganiga Yaponiyada katta qiziqish bilan qaralmoqda.
O‘zbekistonda har bir insonni qadrlashdek yaxshi anʼana mavjud. Shu jihatdan Yaponiya va O‘zbekiston xalqlari qadriyatlari bir-birga o‘xshashdir. O‘zbekistonda mahallaga nisbatan o‘zgacha bir yondoshuv borligi va bu yo‘nalishda hukumat tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani odamni quvontiradi.
Bundan 40-50 yil muqaddam Yaponiyada ham xuddi shunday jamiyat “cho-nay-kay”lar bo‘lgan va qo‘shnilar o‘rtasida doimo muloqot amalga oshirilgan. Biroq odamlar bir-biri bilan smartfon yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tez-tez muloqot qiladigan bugungi Yaponiyada haqiqiy insoniy muloqotning qadri unutilib bormoqda. Shu bois Konstitutsiyada insonlar o‘rtasidagi muloqotning ahamiyati, mahallaning rolini yana-da oshirishga qaratilgan meʼyorlar bo‘lishini yuqori baholayman.
Shuningdek, fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining muhtoj toifalarni uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash bo‘yicha takliflar juda ham muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda mulkka egalikni raqamlashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Yaponiyada statistika tizimi mavjud bo‘lib, uy-joy haqidagi maʼlumot elektron shaklda saqlanadi. Shu jihatdan raqamli jamiyatga o‘tishda mulkka egalik qilish bo‘yicha huquq va qoidalarni takomillashtirish bugungi zamonning talabidir.