Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Iyun/2022   Madaniyat

Kuvaytdan munosabat: Buxoro shahriga «Jahon hunarmandchilik shahri» maqomi berilishi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni asrash bo‘yicha islohotlarning xalqaro eʼtirofidir

AL-KUVAYT, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida joriy yil may oyida Buxoro shahrida o‘tkazilgan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”  AA muxbiri.


Tadbirda Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Kaddumi boshchiligidagi Kuvayt delegatsiyasi aʼzolari, mahalliy jamoatchilik, biznes doiralari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatini mamlakatimiz elchisi Bahromjon Aʼloyev ochib berdi. Diplomat o‘z so‘zida O‘zbekistonda keyingi yillarda milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga davlat darajasida alohida eʼtibor qaratilayotgani, shaxsan davlatimiz rahbarining ko‘magi va tashabbuslari bilan yurtimizdagi qadimiy va boy tarix, noyob qadriyat va urf-odatlar, anʼanalarni tiklash, xalq ijodiyotini rivojlantirish bo‘yicha aniq va tizimli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining «Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari   to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani, “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “Usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun keng imtiyozlar berilayotganligi maʼlum qilindi.

Tadbirda Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Qaddumi so‘zga chiqib  Buyuk ipak yo‘lining madaniyat, fan va savdo markazi bo‘lgan qadim Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali va ilmiy konferensiya yuqori darajada tashkil etilganini taʼkidladi.

-Anjuman ilk bor o‘tkazilishiga qaramasdan, uning ishida 58 davlatdan 221 ishtirokchi hamda 22 davlatdan 33 ekspert qatnashgani O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ushbu sohaga ko‘rsatilayotgan katta eʼtibordan dalolat beradi, - dedi  Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti. - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqining milliy qadriyatlarini saqlash, uning qadimiy anʼanalarini tiklash orqali o‘z mamlakatini dunyo hamjamiyatiga yana-da keng tanishtirmoqda. Hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. O‘z navbatida, ushbu sohani rivojlantirish mamlakatda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Fursatdan foydalanib O‘zbekiston rahbariyati va Buxoro viloyat hokimligiga  Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini yuqori darajada tashkil etgani uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Ali al-Najada, Kuvayt sanʼat kolleji professori, Butunjahon hunarmandlar Kengashi aʼzosi:

-Respublika viloyatlarida milliy hunarmandchilik maktablari va markazlari tashkil etilgani va ulardagi sharoitlar xalq amaliy sanʼatini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ustaxonalardagi hunarmandlar orasida bir vaqtning o‘zida uch avlod vakillari – bobo, o‘g‘il va nabiraning faoliyat yuritayotgani alohida tahsinga sazovordir. Ustalarning aksariyati 8- va 9-avlod ekanliklari, baʼzilarida otadan o‘g‘ilga kasbning mahoratini o‘rgatuvchi sir-asrorlar bitiklangan hujjatlar mavjudligi bizni hayratga soldi. Eng asosiysi, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilganiga shohid bo‘ldik.

Buxoro shahrida o‘tkazilgan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali doirasida ushbu qadimiy shaharga «Jahon hunarmandchilik shahri» maqomi berilgani O‘zbekiston tomonidan milliy qadriyatlarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan maqsadli islohotlarning xalqaro eʼtirofidir. 

Azari Qurbon, Kuvayt televideniyesi suxondoni, sanʼatshunos:

 - Ko‘p yillik tajribamga qaramasdan, ko‘hna Buxoroning mahobatli obidalari fonida videolavhalar tayyorlash menga o‘zgacha his-hayajon baxsh etdi. Qadimiy ko‘chalarni kezganda buyuk bir tarixning shohidi bo‘ldim. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, ularning chehrasining ochiqligi va doimo tabassumdaligi, oxirgi yillarda mamlakat hayotida amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlardan rozi bo‘lib yashayotganliklari eʼtiborimni o‘ziga tortdi.

Mazkur festival va Buxoro madaniyati hamda sanʼati to‘g‘risida olgan videofilm yaqin kunlarda tayyor bo‘ladi va u keng ommaga havola etiladi. Aminmanki, biz ijodiy loyiha arab dunyosiga O‘zbekiston va uning boy tarixi, madaniy va ilmiy merosini kengroq tanishtirish ishlariga xizmat qiladi.

Mavzuga oid

Tokioda O‘zbekiston va Yaponiya aloqalar...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Yaponiya madaniyat ishlar agentligi, “M...

Habiba Muhammad: Misrda o‘zbek tilini ta...

Mamlakatimizning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yich...

Malayziyada istiqomat qilayotgan vatando...

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan ...

So`nggi yangiliklar