14/Iyul/2021 Dolzarb
TOSHKENT, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasi ishtirokchilaridan biri - Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri Kaspars Gerxards anjuman arafasida “Dunyo” AA muxbiri bilan bo‘lajak forum yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
- Men O‘zbekistonga hamisha katta mamnuniyat bilan kelaman. Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatingizda qariyb ikki yildan beri bo‘lolmayotgan edim, - deydi u. - O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarga baho berar ekanmiz, ularning ahamiyati katta ekanini taʼkidlashni istardim.
O‘zbekiston Latviyaning Markaziy Osiyodagi sherigi ekanidan, ikki tomonlama ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy aloqalar rivoj topayotganidan mamnunmiz.
Pandemiya inqirozidan chiqish yo‘li oson bo‘lmasligi aniq. Lekin biz barcha qiyinchiliklarni yengish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak.
O‘ylaymanki, bo‘lajak anjuman O‘zbekistonning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi o‘rnini namoyon etadi, shuningdek, Yevropa va Janubiy Osiyo davlatlari, qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Bilasiz, bugungi kunda Latviya universitetlarida bir yarim ming nafarga yaqin o‘zbek yoshlari tahsil olmoqda. Bu O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi, jumladan Latviya bilan samarali munosabatlarini mustahkamlash uchun ulkan salohiyatdir.