07/Oktabr/2021 Eksport
TOSHKЕNT, 7-oktabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizda amaliy safar bilan bo‘lib turgan Latviyadagi O‘zbekiston savdo uyining direktori Vladimir Galperin mamlakatimiz hunarmandlari manfaatlarini himoya qiluvchi «Craft and Art» korxonasi direktori Baxtiyor Allakov bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Hujjat Vladimir Galpirin va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston «Hunarmand» uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda erishilgan kelishuvlar doirasida tasdiqlandi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston «Hunarmand» uyushmasi mamlakatimizning 200 mingdan ziyod xususiy tadbirkorlarini o‘z atrofida birlashtiradi.
Uchrashuv natijasida Latviyadagi O‘zbekiston savdo uyi vakillari joriy yil noyabr oyiga belgilangan O‘zbekiston-Latviya biznes kengashi yig‘ilishiga, shuningdek, 2022 yilga rejalashtirilgan boshqa tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif etildi. O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdor latviyalik hunarmandlar endi «Hunarmand» uyushmasi bilan hamkorlikda turli ko‘rgazmalarda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 sentabr kuni Riga shahrida O‘zbekiston savdo uyining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Rigada tashkil etilgan savdo uyi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy aloqalarni o‘rnatish va Boltiqbo‘yi davlatlari, Skandinaviya, Sharqiy, Markaziy va G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tizimli eksportini tashkil etishga ko‘maklashadi.