Uz / Ўз Ru En

Toshkent

17/May/2021   9 may - Xotira va qadrlash kuni

Leningradni fashizm qamalidan ozod etishda jasorat ko‘rsatgan o‘zbek askarlari xotirasiga atab yodgorlik o‘rnatildi


SANKT-PETERBURG, 17-may. /“Dunyo” AA/. Leningrad viloyati, Vsevolojsk tumani, Kerro qishlog‘i, Lembolovo posyolkasidagi «Lembolovskaya tverdinya» yodgorlik majmuasi hududida Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik askarlar xotirasiga yodgorlik o‘rnatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yodgorlik ochilish marosimida O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi xodimlari, Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari, Leningrad viloyati Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, millatlararo va dinlararo munosabatlar va Tashqi aloqalar qo‘mitalari mutasaddilari, deputatlar, OAV vakillari ishtirok etdi.

Yodgorlik Bosh konsulxona qoshida tuzilgan o‘zbek diasporasi vakillaridan iborat Jamoat maslahat kengashi va ushbu viloyatdagi o‘zbek diasporasi aʼzolari tomonidan Leningrad viloyati Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, millatlararo va dinlararo munosabatlar qo‘mitasi ko‘magida o‘rnatildi.

 

1941 yil sentyabr oyida Lembolovo posyolkasida fin qo‘shinlarining hujumi 23-armiya bo‘linmasi tomonidan to‘xtatiladi va ushbu hudud 1944 yilgacha Leningrad shimoliy mudofaa chizig‘iga o‘tadi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mahalliy hukumat vakillari fashizmga qarshi mardonavor kurashgan o‘zbek yigitlarining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini taʼkidladi.

Leningrad viloyati Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, millatlararo va dinlararo munosabatlar qo‘mitasi raisi V.Burak Ikkinchi jahon urushi yillari haqida to‘xtalar ekan, unda qariyb 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik askar frontga jalb etilgani, ularning 500 mingdan ortig‘i  urushda halok bo‘lgani yoki bedarak yo‘qolganini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, 1941 yildan boshlab urush hududlaridan 1 milliondan ortiq aholi O‘zbekistonga evakuatsiya qilingani,  shundan 200 ming nafardan ortig‘i yosh bolalar bo‘lgani, ulardan  5 ming nafari aynan Leningrad viloyatidan ekanligi alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar Leningradni qamaldan ozod etishda jonbozlik ko‘rsatgan, Qahramon unvoniga sazovor bo‘lgan Nabijon Mingboyev nomini alohida esga oldi.

N.Mingboyev 1918 yil 12 fevral kuni Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1941 yil armiyaga chaqirilgan. Nabijon 1944 yil 10 iyun kuni Vsevolojsk tumani Lembolovo qishlog‘i yaqinidagi jangda vzvod komandirini almashtiradi va hujumga o‘tgan holda dushman pozitsiyalarini egallaydi. Ushbu jangda jarohat olganiga qaramasdan kurashni davom ettiradi. 1945 yil 24 mart kuni Nabijon Mingboyev Qahramon unvoni bilan taqdirlangan.

Mahalliy hukumat vakillari «Lembolovskaya tverdinya» yodgorlik majmuasida o‘zbekistonlik askarlar xotirasiga o‘rnatilgan meʼmoriy yodgorlik hududida kelajakda Nabijon Mingboyev sharafiga alohida yodgorlik o‘rnatilishini maʼlum qildi.

Mavzuga oid

Rossiyadagi arxivdan Sobir Rahimov haqid...

general-mayor Sobir Rahimovning Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivida ...

Prezident faxriylarni bayram bilan tabri...

G‘alaba bog‘idagi amfiteatrda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbi...

Madridda Ikkinchi jahon urushida haloq b...

1936-1939 yillarda Ispaniya fuqarolar urushida jang qilgan sovet ko‘ngillilari xotirasiga ...

So`nggi yangiliklar