12/Avgust/2020 Dolzarb
RIGA, 12 avgust. /«Dunyo» AA/. Latviyaning «LETA» Milliy axborot agentligi 12-13 avgust kunlari videokonferensiya shaklida o‘tkazilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi haqida latish, ingliz va rus tillarida axborot nashr etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Bu ushbu mavzudagi ikkinchi xalqaro forumdir, deb xabar beradi agentlik. Forumning maqsadi inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish. Mazkur mavzudagi birinchi xalqaro anjuman — Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi 2018 yil 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Uning ishtirokchilari qabul qilgan Samarqand deklaratsiyasi 2019 yil 6 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 73-sessiyasining hujjati sifatida tarqatilgan. Bundan tashqari, forum yakunlariga ko‘ra ushbu tadbirni har ikki yilda bir marta o‘tkazishga kelishib olingan edi”.
Agentlik forum kun tartibiga yoshlarning BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlari va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi Umumjahon dasturini amalga oshirishdagi o‘rni bilan bog‘liq masalalar kiritilganini xabar qilgan. Shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi muhokama qilinadi.
«LETA» BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevga tegishli ekani va u BMTning 72-Bosh assambleyasida ilgari surilganini ta’kidlagan.