Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Iyul/2020   Jamiyat

Londondan maktub: O‘zbekistonga sayohatdan ilhomlanib 50 dan ortiq sheʼr bitgan yozuvchining sog‘inchi


LONDON, 22-iyul. /“Dunyo” AA/.  O‘zbek adabiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodiy merosiga Angliyada qiziqish juda yuqori. Britaniya olimlari va shoirlari Alisher Navoiy asarlarini tadqiq etib, ulug‘ bobokalonimiz sheʼriyatidan merosidan ilhomlangan holda yangi asarlar yaratmoqda. Angliyalik shoir Endryu Stanilend Alisher Navoiy devonlarini mutolaa qilib, ingliz tilida «A New Diwan» (Yangi devon) nomli to‘plamni yaratdi.

Undan 84 ta qisqa sheʼr, shuningdek, O‘zbekiston va Buyuk ipak yo‘li shaharlari, adabiyoti, bog‘lari va meʼmorchiligiga bag‘ishlovlar o‘rin olgan. Joriy yil boshida Endryu Staniland mamlakatimizga kelgan edi. Yaqinda u ushbu safar haqidagi taassurotlarini o‘quvchilar bilan bo‘lishdi.

- O‘zbekiston haqida ketma-ket sheʼrlar yozishimga meni nima undadi? – deb yozadi ingliz shoiri. - Men olim yoki tarixchi emasman va O‘zbekiston uchun yangi odamman. Bundan bir necha yil oldin Georgiy Gurjiyevning (u bir muddat Buxoroda yashagan) «Ajoyib insonlar bilan uchrashuvlar» asarini o‘qib, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishim ortdi. Va, albatta, ushbu diyor haqidagi fotosuratlarni ko‘rib, uning go‘zalligidan hayratlanib, bu zaminni ziyorat qilishni ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim.

Shundan so‘ng O‘zbekiston haqida ko‘proq bilish uchun uning tarixi haqidagi kitoblar, o‘zbek adabiyoti namunalarini o‘qiy boshladim, ushbu mavzuda sheʼrlar mashq qildim. O‘zbek romanlari, ayniqsa, Alisher Navoiy sheʼrlarining ingliz va fransuz tillaridagi tarjimalari meni sehrlab qo‘ydi.  

Joriy yil fevral oyida O‘zbekistonda ikki hafta bo‘ldim. U yerda hayotimdagi eng quvonchli va baxtli damlarimni o‘tkazdim. Bu diyor juda go‘zal, odamlari mehmondo‘st, tabiati juda ilhomlantiruvchi kuchga ega. O‘zbekistonga  birinchi tashrifim bo‘lgani uchun Samarqand, Buxoro va Xivani tezroq ziyorat qilishga oshiqdim. Ushbu ertakmonand shaharlarni ko‘rganimda esa ularning viqori meni yana bir karra lol qoldirdi.

Safar davomida bir necha kun Toshkentda yashadim. Londonga qaytganimdan bir hafta o‘tgach, afsuski, koronavirus pandemiyasi sabab chegaralar yopila boshladi. O‘shanda O‘zbekistonga vaqtida borganimni omad, deb hisobladim. Shundan beri o‘zbek diyorida ko‘rganlarim, tanishgan, do‘st tutingan insonlar, shoirlar bilan kechgan qiziqarli suhbatlar og‘ushida yashab kelyapman.

Yurtingizdan qaytib kelganimdan so‘ng safar taassurotlarim haqida 50 dan ortiq sheʼr yozdim, sog‘inch va quvonchimni shu sheʼrlarga sig‘dirishga harakat qildim. Qaniydi, barcha o‘y-fikrlarimni, hayajonlarim sheʼriy misralar orqali ifoda eta олсам....

O‘zbekiston meni ikki bor ilhomlantira olgani rost. Bu zaminda men o‘zimni begona his qilmadim. Odamlar menga ko‘zi tushishi bilan yuzlaridagi tabassumni ko‘rdim. Toshkent metrosida esa ular o‘z o‘rinlari menga bo‘shatib berishardi. Juda taʼsirli voqealar, odamlardagi ichki madaniyat va tarbiya darajasini esa so‘z bilan ifodalash o‘ta mushkul.

Albatta, har bir mamlakatning o‘ziga xos urf-odatlari, madaniyati bor. Biz barchamiz buyuk Yevroosiyo madaniy anʼanalarining bir qismimiz. Men hattoki sheʼriy anʼanalarimiz ham juda o‘xshash ekanini his qilaman.

Yurtingizdagi madrasa va maqbaralar devorlaridagi sopol koshinlar, boshqa ajoyib hunarmandchilik namunalari boshqa joylarda topilmasligi haqida mulohaza yuritsam, sheʼriy misralarimda nozik hislar shakllana boshlaydi.

Ushbu ajoyib badiiy sanʼat va naqqoshlik anʼanalari menga juda yoqadi. Ular eski uslublar emas. Ular har doimgidek navqiron, zamonaviy va kundalik hayotimizning bir qismi. Siz-u biz foydalanadigan idishlar, kiygan kiyimlarimiz...

Odatda sayohatga chiqqanimda xarid qilishni xush ko‘rmayman. Lekin bu gal odatlarimdan voz kechdim. Naqshlar tushirilgan lavhachalar, Buxoro qaychisi, piyola, kandakorlik namunalari va likopchalar sotib oldim. Ayni damda esa O‘zbekistonga keyingi safarlarim davomida xarid qilmoqchi bo‘lgan buyumlar haqida o‘ylayapman: Rishtondan choynak, Marg‘ilondan ipak sharf, ikki-uchta miniatyura rasmlari...

Yuqorida O‘zbekistonda ilk bor bo‘ldim, deb yozdim. Bitgan sheʼrlarim esa O‘zbekistonga safarim taqdim qilgan ilhom natijalaridir. Yana sayohat uchun imkon tug‘ilganda bundan-da ko‘proq voqeliklarni o‘zimda tuyib, guvohi bo‘lish ishtiyoqidaman. Termizdan Qoraqalpog‘istongacha, cho‘llardan o‘tib tog‘largacha kezishni, Samarqand osmonida nur sochayotgan quyosh taftida soatlab o‘tirishni ko‘nglimga tugdim.

 

Tahririyatdan: Endryu Stanilend – ingliz lirik shoiri. U o‘z sheʼrlarini mumtoz janrda, zamonaviy ruhiy amaliyotdan ilhomlanib yaratadi. Endryu 1959 yil Sheffildda tug‘ilgan, Darema universitetida tahsil olgan.

E.Stanilend qalamiga pyesa, sheʼriy roman va hikoyalar taalluqli. “Yorug‘lik vazni”, «Ruhiyatning go‘zalligi», «Yangi sheʼrlar» to‘plamlari nashr etilgan. Qisqa metrajli filmlarga ssenariylar yozadi, rejissyorlik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi.

Mavzuga oid

Diplomat O‘zbekiston Respublikasi Vazirl...

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Buxoro bo‘linmasi rahbari Lutfiddin Xo‘ja...

Koreya Respublikasida “O‘zbek tilining i...

Janubiy Koreyaning Xankuk chet tillar universitetida "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" ...

Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi ja...

Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi oʼz kasbdoshlariga murojaat yoʼlladi.

So`nggi yangiliklar