04/Iyul/2022 Sanalar
PARIJ, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi davomida Luvr muzeyi prezidenti – bosh direktori Lourens de Kar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotdan ko‘zlangan maqsad 2022-yil 24-noyabridan 2023-yil 6-martiga qadar Parijning Luvr muzeyida tashkil etilishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasining tashkiliy masalalarini muhokama etishdan iborat bo‘ldi.
Maʼlumki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil Fransiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida o‘zaro kelishuv hamda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan.
Lourens de Kar O‘zbekiston madaniy meʼrosini targ‘ib etishga qaratilgan mazkur noyob ko‘rgazma ikki davlat rahbarlarining telefon muloqotida muhokama qilinganligini yana bir marta taʼkidlab, mazkur ko‘rgazma muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Luvr rahbari joriy yil may oyida fransuz restavratorlarining O‘zbekistonga tashrifi va ko‘rgazma uchun mo‘ljallangan eksponatlarning restavratsiya jarayoni muvaffaqiyatli o‘tganini maʼlum qildi. Shuningdek, Fransiyaning bir qator yetakchi OAVlaridan tashkil topgan jurnalistlarning O‘zbekistonga press-turi ham qiziqarli va samarali o‘tganini, ayniqsa telejurnalistlar ajoyib syujetlar tasvirga olganini aytib o‘tdi.
Luvr muzeyi Islom sanʼati departamenti direktori Ya.Lins, ko‘rgazmaga tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida maʼlumot berdi. Jumladan, ko‘rgazma konsepsiyasi 5 qismdan iborat ekani, O‘zbekistondan noyob tarixiy ashyolar tanlangani, ko‘rgazmaga bag‘ishlangan bir qator filmlar yaratilayotganligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish bo‘yicha bitim imzolandi.