Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Sentabr/2022   Hamkorlik

Malayziya tadbirkorlik va kooperativlarni rivojlantirish vazirligi qoshidagi davlat korporatsiyasi mamlakatimiz bilan o‘zaro hamkorlikdan manfaatdorlik bildirdi

KUALA-LUMPUR, 26-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Malayziya tadbirkorlik va kooperativlarni rivojlantirish vazirligi qoshidagi “SME Corporation Malaysia” davlat korporatsiyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirkorlikni rivojlantirish vazirligining bo‘limi hisoblanadigan “SME Corporation Malaysia” mamlakatda kichik va o‘rta biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirish, rivojlantirish va raqamlashtirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari uchun konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, korporatsiya ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini taʼminlash, halol sanoat va eksport operatsiyalarini amalga oshirish sohasida malaka oshirish kurslarini ham tashkil etadi.

Tadbirda Malayziya tomoniga O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlar, agentlikning faoliyati, vazifalari va rejalari hamda respublikada aholining daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan «Har bir oila – tadbirkor» va «Ayol tadbirkor» kabi dasturlar to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Uchrashuv davomida “SME Corporation Malaysia”ning Xalqaro aloqalar departamenti direktori o‘rinbosari Nur Suxada Ahad uchrashuv ishtirokchilarini korporatsiya faoliyati bilan yaqindan tanishtirar ekan, O‘zbekiston Malayziyaning Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligini, shuningdek, ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik iqtisodiyotning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lgan kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining rivoji uchun xizmat qilishini taʼkidladi. 

Shuningdek, muzokaralar davomida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlikning aniq maqsad va yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va tomonlar vakillaridan iborat Ishchi guruhini tuzish hamda mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda malayziyalik mutaxassislarni taklif etish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar natijasida “SME Corporation Malaysia” davlat korporatsiyasi va Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida joriy yilning noyabr oyida o‘zbek tomonining mamlakatimiz ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyasini Malayziyaga safarini tashkil etish, safar doirasida Hamkorlik memorandumini imzolashga, shuningdek, ikki davlat tashkiloti va ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida qo‘shma biznes-forum o‘tkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid

Xitoyning yirik AKT kompaniyasi Termiz v...

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «I...

O‘monda havo transporti sohasidagi o‘zar...

O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi elchixonasida mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimin...

YETTB O‘zbekiston energiya tizimini rivo...

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bir qator xalqaro moliya institutlari bilan investitsiyaviy h...

So`nggi yangiliklar