26/Oktabr/2021 Mustaqillikka 30 yil
KUALA-LUMPUR, 26-oktabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Malayziyada yashovchi vatandoshimiz, Putra universiteti professori (Universiti Putra Malaysia) G‘afurjon Ibragimovga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda diplomatik missiya xodimlari, Malayziya akademik hamjamiyati vakillari va yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Ular mamlakatimizda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarning amaldagi natijalari bilan tanishdi.
G‘afurjon Ibragimov O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Matematika instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mehnat qilgan. 2006 yildan beri Malayziyaning Putra universitetining matematika kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
O‘zbek olimi ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hissa qo‘shib, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim sohasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirishda faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi. Jumladan, uning yordami bilan Putra universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika instituti va Abu Rayhon Beruniy nomidagi respublika biznes va boshqaruv oliy maktabi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
G‘afurjon Ibragimov matematika fanidan birinchilardan bo‘lib o‘zbek tilida videodarsliklar ishlab chiqqan. Maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar va abituriyentlarning bilimini mustahkamlashga qaratilgan ushbu videodarsliklar ta’lim jarayonida foydalanish uchun Xalq ta’limi vazirligiga topshirildi, shuningdek, bepul ravishda umumiy foydalanish uchun internet tarmog‘iga joylashtirildi.
Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ta’lim jarayonida onlayn shakl keng qo‘llangani tufayli G‘afurjon Ibrohimov tomonidan ishlab chiqilgan videodarsliklarga talab keskin oshdi. O‘zbekiston ta’lim jarayonida ushbu darsliklardan samarali foydalanilmoqda.
G‘ofurjon Ibragimov yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda faol ishtirok etishini bildirdi.