Uz / Ўз Ru En

Toshkent

19/Oktabr/2021   Madaniyat

Malayziyadan munosabat: Malayziyada o‘zbek tilini o‘rganishni istaydigan yoshlar juda ko‘p


 KUALA-LUMPUR, 19 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Malayziyada taʼlim olayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Malayziyaning Limkokving universiteti, Segi universiteti, Sayberjaya universiteti, Xalqaro islom universiteti, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar va innovatsiya universitetiMilliy energetika universiteti  va boshqa oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Suhbat davomida 2020 yil 10 aprel kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan  21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangani, mazkur sana joriy yilda ikkinchi marta nishonlanayotgani taʼkidlandi. 

Ishtirokchilarga hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar soni 50 milliondan oshiq ekani va 65 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasida o‘zbek tili o‘qitilayotgani haqidagi maʼlumotlar taqdim qilindi.  Mamlakatimiz hukumati tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yana-da mustahkamlash hamda tilimizni chet elda keng targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar qayd etildi.

Maʼruzachilar mamlakatimizda yangi Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek, tantanali marosim doirasida o‘zbek adabiyotining durdona asarlaridan namunalar, sheʼrlar va hikoyalar o‘qib berildi hamda «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu lug‘at O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangani va mazkur lug‘atni yaratish bo‘yicha olib borilgan izlanishlar xususida maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, Malayziya hududida taʼlim olayotgan yosh vatandoshlarimizning o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishi uchun elchixonada va Malayziya Milliy kutubxonasida o‘zbek madaniyati va adabiyoti burchagi tashkil etilgani maʼlum qilindi.

Tadbir yakunida Malayziya aholisi orasida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, ushbu tilni o‘rgatish bo‘yicha kurslarni tashkil etish hamda «O‘zbek tili do‘stlari» klubini ochish imkoniyatini o‘rganib chiqishga kelishib olindi.

Farhod Oxunjonov, Malayziya milliy energetika universiteti (UNITEN) talabasi:

 - Har bir davlatning ravnaq topishida millat va xalq qadriyatlari timsoli bo‘lgan ona tili muhim o‘rin tutadi. Ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqei yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Buni dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida, shu jumladan Malayziyada ham his qilish mumkin. Bugungi tadbirda o‘zbek tiliniing mavqeini yana-da oshirish bo‘yicha vazifalarni kelishib oldik.

Taʼkidlash kerakki, Malayziya aholisi, ayniqsa yoshlari o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rganuvchilar juda ko‘p. Ammo o‘zbek tilini o‘rgatadigan kurslarni topish imkoniyati juda past.  Shu sababli elchixonada va Malayziya Milliy kutubxonasida tashkil etilgan burchaklar bilan birga o‘zbek tilini o‘rgatish kurslarini ham ko‘paytirish kerak. Bundan tashqari, bugun taqdimot qilingan besh jilddan iborat «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» yordamida ona tilimiz haqidagi bilimimizni yana-da boyitishga ishonchim komil. Barcha yurtdoshlarimiz va o‘zbek tili do‘stlarini O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Fotima  Xo‘jayeva, Limkokving universiteti talabasi:

- Bugun elchixonada Malayziyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida tashkil etilgan O‘zbek tili bayrami kuni tadbirida ishtirok etganimdan baxtiyorman. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeini yuksaltirish uchun bizlar ham o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman.

Mavzuga oid

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot mark...

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyuk allomalarimiz merosini o‘rgani...

Imom Moturidiy – Islom olamining ulug‘ a...

Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” ...

Umuminsoniy qadriyatlarga bag‘ishlab xal...

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida Badiiy akademiya bilan h...

So`nggi yangiliklar