Uz / Ўз Ru En

Toshkent

19/Yanvar/2022   Iqtisodiyot

Mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatini rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi

TOSHKЕNT, 19-yanvar. /«Dunyo» AA/. Kecha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida charm-poyabzal sanoatining bugungi holati va uni yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lumotiga ko‘ra,  yig‘ilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda «O‘zcharmsanoat» uyushmasining rahbar va xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida uyushma rahbariyati joriy ishlab chiqarish va eksport hajmining ko‘rsatkichlari, shu yilda amalga oshirilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari hamda yaratilayotgan ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, soha korxonalari tomonidan 2021 yilda umumiy qiymati 4,4 trillion so‘mga teng bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarildi, 423 million dollar hajmida tovarlar eksport qilindi, 202 million dollarga teng investitsiyalar jalb etildi, ulardan 76 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Loyihalarni amalga oshirish hisobidan joriy yilda jami 11,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Charm, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarga yetkazilishi hamda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini eksport qilishining istiqbolli yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlar berildi. Joriy yilda va o‘rta muddatli istiqbolda investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va eksport qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari taqdim etildi. Asosiylari orasida 2022 yil oxiriga borib ishlab chiqarish hajmlarini 4,8 trillion so‘mgacha yetkazish va 450 million dollar qiymatidagi tovarlar eksportiga erishish rejalari bor. Shuningdek, umumiy qiymati 214 million dollarga teng bo‘lgan 49 ta loyihaning amalga oshirilishi va 12,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish mo‘ljallangan.

Yangi ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etish, xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, eksport salohiyatini yuksaltirish va mahalliy charm, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Tarmoqda importni tahlil qilishga alohida e’tibor qaratish hamda ishlab chiqarishda foydalaniladigan va import qilinadigan uskunalar, butlovchi qismlar va kimyoviy moddalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflarni shakllantirish topshirildi.

Xalqaro sanoat ko‘rgazmalarida ishtirok etish uchun mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining keng doirasini jalb qilish, shuningdek, tashqi bozorlarga mahalliy mahsulotlarni ilgari surish maqsadida chet elda biznes-missiyalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, soha uchun kadrlar tayyorlash va mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar ishchilarining malakasini oshirish bo‘yicha harakatlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Uyushma vakillari sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarini taqdim etishdi. Bular sirasiga investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini qo‘llash, xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb etish, mavjud ishlab chiqarish ob’ektlarini modernizatsiya qilish va ularning atrof-muhit uchun xavfsizligini ta’minlash, tegishli texnik jihatdan tartibga solish mexanizmlarini joriy etish va boshqa chora-tadbirlar kiradi. Ushbu takliflar atroflicha o‘rganib chiqildi hamda ularni takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha sohani yanada rivojlantirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga o‘z vaqtida erishishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda GTL zavodi qurilishining 8...

Bu haqda xalqaro va mahalliy nashrlar jurnalistlari uchun qurilish maydoni bo‘ylab tashkil...

Toshkentda xalqaro investisiya forumi o...

2020 yil 5-6 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirlig...

O‘zbekistonda har yili qo‘shimcha 61 ton...

“Sho‘rtan” neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mavjud uchta propan-butan aralashmasi...

So`nggi yangiliklar