30/Yanvar/2022 Sport
TOSHKENT, 30 yanvari. /“Dunyo” AA/. XXR Raisi Si Szinpin taklifiga binoan, 4 fevral kuni Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Sinxua” axborot agentligi maʼlumotiga ko‘ra, Xitoy rahbari 4-6 fevral kunlari Pekinda 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi, shuningdek, xorijiy davlatlar yetakchilari, hukumat rahbarlari, qirollik oilalari aʼzolari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari sharafiga qabul marosimi o‘tkazadi.
Mehmonlar orasida Rossiya, Singapur, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Misr, Polsha, Argentina rahbarlari, Kambodja qiroli, Qatar amiri, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, boshqa qator davlatlar yetakchilari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus bor.
Olimpiya o‘yinlari 4-20 fevral kunlari, Paralimpiya o‘yinlari esa 4-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.
“Sinxua” AA surati