Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/Dekabr/2020   Siyosat

Markaziy Osiyo mamlakatlari, Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari va BMT tuzilmalari vakillari mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi


TOSHKENT, 10-dekabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov boshchiligidagi delegatsiya Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlarining videokonferensiya shaklidagi yillik uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbir BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili/Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMT Bosh kotibining maxsus vakili/BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi rahbari Debora Layons, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari qatnashdi.

Tomonlar mintaqaviy siyosat va xavfsizlikning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning holati va istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faoliyati, mintaqa davlatlarining ushbu tuzilma bilan hamkorligi, erishilgan natijalar hamda 2021-yilga mo‘ljallangan rejalari to‘g‘risida fikr almashildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqada hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi tashabbuslari, xususan, bu borada alohida ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi haqida ma’lumot berdi. Mintaqaviy muhim masalalarni hal qilishda erishilgan yutuqlar, jumladan, chegaralarni qonuniy tarafdan mustahkamlash, transport kommunikatsiyalaridan birgalikda foydalanish va o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik ko‘lamini oshirish muhimligi qayd etildi.

Afg‘oniston bilan aloqalarni kengaytirish, afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini davom ettirish va qo‘shni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga yordam berish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 2021-yilda Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi mintaqaviy Qo‘shma rejasining 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha taqdimot uyushtirdi.

Tadbirda kun tartibidagi boshqa mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti Toshkent ko‘chala...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida yo‘l-transport tizimini yaxshilash va yangi...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Diniy e...

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Varshava shahrida (P...

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi ...

O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pa...

So`nggi yangiliklar