28/Iyun/2022 Jamiyat
TOSHKENT, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Komissiya maʼlumotiga ko‘ra, unda davlatimiz rahbarining taklifiga binoan joriy yilda mamlakatimiz Konstitutsiyasini isloh qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga puxta tayyorgarlik ko‘rishga doir masalalar muhokama qilindi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi referendum okruglari hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari to‘g‘risidagi, Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar «O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risida»gi qonun talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgani qayd etildi.
Nizomlar o‘z ichiga komissiyalar aʼzolariga qo‘yiladigan talablarni qamrab olgan. Jumladan, komissiya aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya qilish, komissiya tarkibidan chiqarish yoki tarkibini o‘zgartirish, komissiya faoliyatini tashkil etish, komissiyalarning vakolatlari, ularning ishini rejalashtirish va tashkil qilish tartiblari bor.
Shuningdek, uchastka komissiyasi joylashgan bino va ovoz berish xonalarini jihozlash, ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxati, muddatidan oldin ovoz berish, uchastka komissiyasi tomonidan referendum kuni amalga oshiriladigan vazifalar, ovoz berishni tashkil etish kabi talab va tavsiyalar o‘rin olgan.
Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish, ularni saylov qonunchiligidan xabardorligini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Majlisda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama etildi.
Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyatining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi yuqori malakali ekspertlar bilan taʼminlanadi.
Shu bilan birga, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini qo‘llagan holda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi oshiriladi.
Ularning amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqiladi.
MSK aʼzolari, kotibiyat masʼul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etgan majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilishda Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.