Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Aprel/2020   Jamiyat

Men bugungi baxtli hayotim uchun O‘zbekiston va o‘zbek kurashidan qarzdorman - Ajmal Ishaq Zai


Afg‘oniston desa barchaning ko‘z oldiga urushlardan charchagan, taraqqiyot, sifatli ta’lim va tibbiyotdan ancha ortda qolgan mamlakat ko‘z oldiga kelishi tabiiy.

Chindan ham, bugungi Afg‘onistonning qiyofasi shunday. Qariyb 40 yildan beri afg‘on xalqi urushlar iskanjasida.

Men bugun 28 yoshdaman, mening qanchadan-qancha tengdoshlarim daydi o‘qlarga nishon bo‘lgani yohud hech bir sababsiz bevaqt hayotdan ko‘z yumgani yodimda. Afg‘onistonda shunchaki ko‘chaga chiqish ham, ikki yoki uch kishining to‘da bo‘lib turishi ham xavfli hisoblanadi.

Biroq o‘n mingga yaqin odam tez-tez 5-6 soat bir joyda yig‘ilishini, davra qurishib o‘tirganini tasavvur qila olasizmi?

Albatta, bu haqiqat. Qachonki davrada polvonlar yig‘ilgan bo‘lsa, Kurash musobaqasi o‘tkazilayotgan bo‘lsa.

Men Saripuldagi afg‘on o‘zbeklari oilasida tug‘ilganman. Hayotim kurashlar ichida o‘tmoqda, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Hayot uchun kurash, yashash uchun kurash, ta’lim olish uchun kurash va davralardagi Kurash..

Bularning ichida eng jozibalisi so‘zsiz, Kurash sporti.

Yoshligimdan barcha kurash bahslarida ishtirok etib kelaman. Mag‘lubiyatlarim ham bo‘lgan. Biroq, chiroyli usul bilan raqibimni “oshirib tashlab”, halol g‘alabaga erishganimda, o‘nlab odamlar meni yelkalariga olib, davrani ko‘p bora aylantirgan.

Polvonning eng katta yutug‘i ham shu aslida.

2017 yil edi. Afg‘oniston Kurash federatsiyasi meni kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun milliy terma jamoaga taklif qildi. Bu men uchun haqiqiy baxt edi.

Ilk bora o‘sha yili Termizda Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda ishtirok etdim. O‘sha yilning o‘zida Ashxobod shahri mezbonlik qilgan Yopiq inshoatlar va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ham kuchimni sinab ko‘rdim.

2018 yilda esa Shahrisabz va Jakarta shaharlarida o‘tkazilgan yirik xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘ldim.

2019 yil sentyabr oyida Koreya Respublikasining Chongju shahrida bo‘lib o‘tgan Kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdim.

Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi va Osiyo-Okeaniya Kurash Konfederatsiyalari tomonidan tashkil etilgan ko‘plab xalqaro hakamlik seminarlarida ham qatnashib, xalqaro toifadagi hakam malakasiga ega bo‘ldim.

2019 yil yanvar oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda hayotimni butkul o‘zgartirib yuborgan taklifni oldim.

Meni Xitoy Taypeyi Kurash federatsiyasi o‘z davlati terma jamoasiga murabbiylikka va Milliy sport institutida tahsil olishga taklif qildi.

Bugun ushbu mamlakat nufuzli ta’lim dargohida bilim olish bilan birgalikda Xitoy Taypeyi Kurash federatsiyasida ham faoliyat olib bormoqdaman.

O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistonga ko‘p marotaba bordim. O‘zbekistonni o‘zimning ikkinchi vatanim, deb hisoblayman va qadrlayman.

Yaqinda yaxshi xabarlarni o‘qib, yanada quvondim. O‘zbekiston Afg‘onistonda barqarorlikka erishish yo‘lida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda, bu borada amaliy natijalarga erishmoqda.

Bundan tashqari, afg‘on yoshlari uchun Termizda ta’lim markazi ochildi. Ko‘plab iqtidorli uka-singillarimiz O‘zbekistonning yirik universitetlarida tahsil olmoqda.

Demak, qisqa muddatlarda bu ezgu ishlar o‘z natijalarini beradi. O‘zbekiston sa’y-harakatlari samarasida men kabi hayotining yangi sahifasini ochgan yoshlar soni yanada ko‘payadi.

O‘zbekiston rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi sabab afg‘onistonliklarning azaliy orzusi - tinchlik qaror topadi. Qo‘shnilar bilan do‘stlik va birodarlik aloqalari yanada mustahkamlanadi.

Bunga ishonchim komil.

Ajmal Ishaq Zai

(Material Osiyo kurash konfederatsiyasi Matbuot xizmati tomonidan taqdim qilindi)

Mavzuga oid

Prezident siyosati natijasida O‘zbekisto...

O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishini katta qiziqish bilan kuzatayotgan xorijdagi vatan...

Pokiston ommaviy axborot vositalari tomo...

Pokistonning «Diplomatic News Agency» va «Daily Islamabad Post» axborot agentliklari veb-s...

Xitoyda internet-do‘konlar robоtlar xizm...

Xitoyda tarqalgan koronavirus muammosiga izchil yechim topishga harakat qilinayotgan shu k...

So`nggi yangiliklar