Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Dekabr/2021   Iqtisodiy diplomatiya

Milan shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Italiya biznes-forumi yakuni bo‘yicha 5 million dollardan ziyod eksport kelishuvlariga erishildi


RIM, 9-dekabr. /«Dunyo» AA/. Milan shahrida Italiya – O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.    

Tadbir Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV), “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari bilan birgalikda hamda “Italiya – O‘zbekiston” savdo palatasi, Italiya kichik va o‘rta biznes uyushmasi (Confimea) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Biznes-forum ikki davlat tarixida ilk bor to‘qimachilik va charm-poyabzal sohalariga ihtisoslashgan tadbir bo‘lib, unda O‘zbekiston tomonidan 20 dan ortiq, Italiya tomonidan esa “Carrera”, “Cotonella”, “Gabaglio” kabi taniqli kompaniyalar hamda  40 dan ziyod ixtisoslashgan uyushma va tashkilot vakillari qatnashdi. 

Yig‘ilishning ochilish qismida Lombardiya provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Alan Kristian Ritssi ikki davlat o‘rtasida turli sohalardagi aloqalar jadal rivojlanib, kengayib borayotganini ta’kidladi. Buning asosiy poydevori – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ishbilarmon doiralar uchun yaratilgan qulay iqtisodiy muhit va imkoniyatlar ekani urg‘ulandi.  

Alan Ritssi Italiyadagi iqtisodiy va sanoat jihatidan eng rivojlangan mintaqa hisoblangan Lombardiya provinsiyasi O‘zbekiston bilan savdo va iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga va rivojlantirishga tayyorligini alohida aytib o‘tdi. Bu borada 2019 yil oktabr oyida Lombardiya gubernatori Atilla Fontananing O‘zbekistonga tashrifi va uning doirasida respublika rahbariyati bilan o‘tkazgan uchrashuvi hamda Sammarqand viloyati bilan o‘rnatilgan yaqin aloqalar katta ahamiyatga egadir.       

Lombardiya provinsiyasi ma’muriyati vakilining fikriga ko‘ra, mazkur tadbir va unda qatnashgan kompaniyalar ro‘yxati ikki mamlakat o‘rtasida to‘qimachilik, kiyim-kechak va charm-poyabzal sohalaridagi hamkorlikning yanada rivojlanishi va kuchayishiga muhim zamin yaratadi hamda yangi imkoniyatlar ochib beradi.     

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Vahobov va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari Farhod Nurmuhamedov tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning to‘qimachilik va charm-poyabzal sohalaridagi amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilayotgan klaster tizimi va uning ushbu tarmoqlarni rivojlanishiga va eksport salohiyatini kuchaytirishga katta turki bo‘layotgani to‘g‘risida ma’lumot taqdim qildi. 

O‘zbekiston yengil sanoatiga dunyodagi yetakachi kompaniyalarning ilg‘or va zamonaviy texnologiyalari jalb qilinayotgani mamalakatimizda mahsulotlarni jahon standartlariga muvofiq ravishda yuqori sifatda ishlab chiqarishga imkon bermoqda va ularning raqobatbardoshligini ta’minlamoqda. 

Respublikamiz Yevropa Ittifoqini GSP+ tizimi benifetsiari bo‘lgani mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozoriga kirib borishiga va o‘z o‘rnini egallashiga qulay imkoniyatlar yaratdi.         

O‘zbekistonning Toskana va Umbriya provinsiyalaridagi Faxriy konsuli Leonardo Komuchchi hamda “Italiya-O‘zbekiston” savdo palatasi prezidenti Luiji Iperti Italiya ishbilarmon doiralari tomonidan O‘zbekistonga so‘nggi yillarda qiziqish o‘sib borayotganini qayd etdi. Italiya kompaniyalari mamlakatimizni ishonchli va iqtisodiy jihatdan istiqbolli sherik sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi. 

Biznes forumning rasmiy taqdimotlar qismi yakunlangach, ishtirokchi kompaniya va tashkilotlar o‘rtasida V2V va G2B shaklidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘tkazilgan 100dan ortiq muzokara natijasida tomonlar umumiy miqdori 5 million dollardan ziyod eksport kelishuvlariga erishdi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz mahsulotlarini Italiya va Yevropa davlatlarida ilgari surish va eksport ko‘lamini oshirish maqsadida 2022 yilda Milan shahrida o‘tkaziladigan to‘qimachilik, kiyim-kechak va charm-poyabzal sohalariga ixtisoslashgan yirik xalqaro ko‘rgazmalarda milliy pavilon bilan qatnashish masalalari ham muhokama qilindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchixonasi “Nukus-Toshkent-...

O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi AIMART xalqaro musiqa va sanʼat akademiyasi (Italiya) ...

O‘zbekiston va Bangladesh ko‘p tomonlama...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.Umurzakov videokonferensiya orqali Bang...

O‘zbekiston va Turkiya investitsiyalar v...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri ...

So`nggi yangiliklar