31/Iyul/2022 Hamkorlik
TOSHKENT, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Janubiy koreyalik shifokorlar «tanglay yorilishi» diagnozi qo‘yilgan 20 nafarga yaqin o‘zbekistonlik bemorni bu yil kuzda beg‘araz operatsiya qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tibbiy amaliyot O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Bo‘lajak operatsiyalarga Seul stomatologiya klinikasi Milliy universiteti (SNUH) jarrohlari jalb etiladi. Dastlabki bosqich bemorlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va bo‘lajak aksiya bo‘yicha muzokaralarni qamrab oladi. Shu maqsadda SNUHning ikki nafar vakili O‘zbekistonda bo‘ldi.
Janubiy koreyalik mutaxassislar Milliy palata tomonidan operatsiyalar o‘tkazilishi uchun tanlangan klinikada bo‘lib, bemorlarning tibbiy tahlillarini o‘rgandi, ularni dastlabki ko‘rikdan o‘tkazdi.
«Operatsiyalar uchun, asosan, kam taʼminlangan oilalarning farzandlari tanlab olinmoqda. Ularning ko‘pchiligida bu patologiya murakkab kechayapti. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida ushbu bemorlarning hayot sifati yaxshilanadi, kelajakka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi», dedi Milliy palata raisi Ravshan Izamov.
Kuzda 20 nafar mutaxassisdan iborat SNUH delegatsiyasining O‘zbekistonga kelishi kutilayapti. Mazkur hamkorlik bemorlarga yordam ko‘rsatishdan tashqari mamlakatimiz shifokorlarining malakasini oshirish, bu turdagi operatsiyalarda jarrohlikning eng so‘nggi innovatsion yechimlarini amaliyotga tadbiq etishni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi.
«Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar doirasida universitetimiz mamlakatingiz sog‘liqni saqlash tizimi rivojiga hissasi qo‘shish niyatida. Ushbu rejalarni amalga oshirishda Sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz», dedi SNUH professori Byong Mo Seo.
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, bo‘lajak tibbiy amaliyotlar Toshkent viloyatida bajarilishi rejalashtirilmoqda. Bu SNUH mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda 10-marta o‘tkazilgan xayriya tadbiri bo‘ladi.