Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Aprel/2021   Dolzarb

Misr elchisi Amira Fahmiy: Bizni umumiy qadriyatlar birlashtirib turibdi va mamlakatlarimiz taraqqiyoti yo‘lida qat’iy harakat qilamiz


TOSHKENT, 23 aprel. /«Dunyo» AA/. Bugun Misr Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmiy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirdi. Tantanali marosim yakunida diplomat «Dunyo» AA savollariga javob berdi.

Amira Fahmiy Misr poytaxtida tug‘ilgan. Qohira universitetini tamomlagan, iqtisodiyot va siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasiga ega. Mazkur oliy bilim yurti iqtisodiyot va siyosatshunoslik fakultetining Rivojlanayotgan mamlakatlarni o‘rganish markazida ilmiy tadqiqot olib borgan. Ingliz, fransuz va yapon tillarida so‘zlashadi.

- Muhtarama elchi, o‘zingiz va diplomatik faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz?

 - Mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligiga 23 yil oldin ishga kirganman. Yaponiyada ishladim, Misrning BMTdagi doimiy vakolatxonasining maslahatchisi bo‘ldim. Men u yerda Bosh assambleyaning uchinchi qo‘mitasiga (inson huquqlari) rahbarlik qildim. So‘nggi yillarda xorijiy nodavlat tashkilotlar, migratsiya va qochqinlar departamentini boshqardim, Vazirlikning Afrika ittifoqi ishlari bo‘yicha bo‘linmasi direktorining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdim.

Inson huquqlari, odam savdosi, xalqaro migratsiya huquqi, xalqaro qochqinlar huquqi, nizolarning oldini olish va tinchlik o‘rnatish, ommaviy axborot vositalari va san’at, Yevropa xavfsizligi masalalari bo‘yicha kasbiy hamda ilmiy tajriba tajriba to‘plaganman. Tashqi ishlar vazirligiga ishga kirishdan oldin yetakchi ilmiy markazlarda siyosatshunos bo‘lib ishladim.

Men birinchi marta mamlakatimning elchisi lavozimiga kirishdim. Sivilizatsiya beshigi va afsonaviy mamlakat bo‘lgan Misr nomidan Markaziy Osiyoning gavhari bo‘lgan O‘zbekistonda faoliyat yuritish men uchun katta sharafdir. Elchi bo‘lish mening eng katta orzuim bo‘lgan. Ko‘plab hamkasblarimdan farqli o‘laroq, universitetga kirgan birinchi kunimdanoq kelajakda kim bo‘lishim haqida aniq tasavvurim bor edi. Bu – ayol elchi bo‘lish niyati edi. Buyuk xitoy faylasufi Konfutsiy “o‘zing yoqtirgan ishni tanla, o‘shanda hayotingda bir kun ham ishlamaysan”, deb ta’kidlagan. Mening misolimda aynan shunday bo‘layapti: men ishlayman va o‘z ishimni katta ishtiyoq bilan yaxshi ko‘raman.

- O‘zbekistonga qanday rejalar bilan keldingiz va mamlakatimizdan olgan birinchi taаssurotlaringiz qanday bo‘ldi?

 - Misrning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlanishim bilan xayolimga birinchi bo‘lib Toshkent xalqaro kinofestivali kelgan. Men kino san’atining ashaddiy muxlisasiman va Misr vakillari ushbu festivalda faol qatnashganini yaxshi bilaman. Mamlakatimizning ko‘plab kino yulduzlari Toshkentga kelgan, ba’zi filmlarimiz sovrindor ham bo‘lgan. Misr va livanlik mualliflarning Samarqand haqidagi ikkita qiziqarli romani O‘zbekiston jahon madaniy merosi mamlakati ekani haqidagi tasavvurimni boyitdi. Masjidlar, minoralar, muzeylar, maftunkor va sehrli saroylar... Markaziy Osiyo gavhari va yuragida ishlayotganimdan juda faxrlanaman.

Toshkentga kelgan kunlarim shahar zamonaviy, shinam, uyushgan, juda ozoda va hatto qish faslida ham yashil kent sifatida hayratga soldi. O‘zbekiston o‘z mehmondo‘stligi bilan menda katta taassurot uyg‘otdi. Biroq shuni tan olishim kerakki, bu endi taassurotlar emas, balki aniq dalillar edi. Men o‘z mamlakatini farovon qilish va barcha sohalarda rivojlanishga intilayotgan, ajdodlari tarixini qadrlaydigan, gullar, bog‘lar, madaniyat va opera go‘zalligiga mehr qo‘ygan kishilarni ko‘rdim. Bizni umumiy qadriyatlar birlashtirib turibdi va mamlakatlarimiz taraqqiyoti yo‘lida qat’iy harakat qilamiz. Birgalikda ishlash uchun cheksiz imkoniyatlar mavjud.

- Bugun Siz O‘zbekiston Prezidentiga ishonch yorliqlari topshirdingiz. Ushbu tadbirdan olgan taassurotlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

 - Zimmamga Misrdek buyuk davlatning vakili bo‘lish, uning manfaatlariga xizmat qilish, o‘zimdan avvalgi elchilar erishgan yutuqlarni rivojlantirishdek nihoyatda sharafli va muhim vazifa, katta mas’uliyat yuklanganini juda yaxshi his qilaman. Bk harakatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadiga yo‘naltiriladi. Bu men uchun katta sharaf. Men Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga ishonch yorliqlarini topshirganimdan katta hayajonga tushdim.

Misr O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan birinchi davlatlar qatoriga kiradi. Kelasi yil yanvar oyida biz ushbu tarixiy voqeaning 30 yilligini xursandchilik bilan nishonlaymiz.

 Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Janobi Oliylarining 2018 yil sentabr oyida O‘zbekistonga tarixiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ajoyib munosabatlarda katta siljish bo‘ldi. Ushbu tashrif doirasida aniq natijalarga erishildi va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlab olindi. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Misrga tashrifini orziqib kutayapmiz. Bu voqea o‘zaro munosabatlarimizda tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Misrning O‘zbekistondagi elchisi sifatida mamlakatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga bor salohiyatimni safarbar etishga harakat qilaman.

 

Mavzuga oid

MOXI: Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japa...

Markaziy Osiyo xalqaro instituti tarixiy-madaniy va gumanitar tadqiqotlar bo‘lim boshlig‘i...

Tailanddan munosabat: O‘zbekistonning Ye...

Tailand savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari, «Sri Thai Superware Co., Ltd.» kompaniyas...

O‘zbekiston Mudofaa vazirligida AQSH Qur...

O‘zbekiston mudofaa vazirligida mamlakatimizda bo‘lib turgan AQSH Qurolli Kuchlari Markazi...

So`nggi yangiliklar