Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Iyul/2021   Dolzarb

Misr elchisi: O‘zbekiston va Misrning madaniyati, an’analari va qadriyatlari o‘rtasida mushtarak jihatlar juda ko‘p


TOSHKЕNT, 26 iyul. /«Dunyo» AA/. Keyingi vaqtlarda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqmoqda. Darhaqiqat, Misr dunyoda o‘z mavqeiga ega, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsiya salohiyati va ilg‘or texnologiya ishlanmalariga ega davlatlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida Afrika qit’asining bu ilg‘or mamlakati bilan o‘zaro hamkorlik qirralari tobora kengayib, o‘zining yuqori natijalarini bermoqda. 

«Dunyo» AA muxbiri Misrning O‘zbekistondagi elchisi Amira Fahmiy bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy,  ta’lim, sayyohlik  va savdo - iqtisodiy aloqalarning  bugungi holati va istiqbollari xususida suhbatlashdi.
– Avvalambor, assalomu alaykum. Sizni Misr uyida xush ko‘rdik. Men Misrning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlanganimdan juda mamnunman, - dedi diplomat. - O‘zbekiston tasavvurimdagidan ham go‘zal va betakror mamlakat ekaniga guvoh bo‘ldim. Haqiqatan ham, mamlakatingiz butun jahon e’tirof etgan darajada boy madaniy-ma’rifiy merosga, asori atiqalarga, ko‘hna va go‘zal shaharlarga  ega ekan. Bejizga bu yurtni Markaziy  Osiyoning gavhari, deb atashmaydi. Ayniqsa, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, ko‘zlari chaqnab turgan yoshlarining bilimga, ilm olishga chanqoqligi, eng muhimi, san’atni, ijodni sevishi juda katta tahsinga loyiqdir. Toshkent nafaqat go‘zal poytaxt, balki ozoda va ko‘rkam shahar ekan. Har tong chog‘i uyg‘onganimda bu betakror shahar go‘zalligidan o‘zim uchun yangi-yangi qirralarni kashf etaman. Menga yurtingiz juda ham yoqib qoldi. Xalqingizning oqko‘ngil va samimiyligi uchun o‘zimni xuddi Vatanimda yurgandek his qilaman. 
 O‘zbekiston va Misr bir-biriga o‘xshash, aholisining katta qismini yoshlar tashkil qiladigan davlatlar hisoblanadi. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi ham yoshlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi. Mamlakatimizda har yili yoshlar uchun yirik forumlar o‘tkaziladi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham yoshlarga mamlakatning ertangi taraqqiyotini belgilab beruvchi, katta salohiyatga ega hal qiluvchi kuch sifatida qarashiga amin bo‘ldim. 
Umuman olganda, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi bu o‘ta muhim jarayon. Xoh O‘zbekistonda bo‘lsin, xoh Misrda bo‘lsin yigit-qizlarning  ta’lim olishi muhim nuqta sanaladi. Ta’lim yo‘nalishi O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi hamkorlik rivojida salmoqli o‘ringa ega. Ayni paytda har ikki mamlakatning oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tuzilgan ta’lim shartnomalarini  qayta ko‘rib chiqish arafasidamiz. Shuningdek, yaqinda Misr Oliy ta’lim vazirligi tomonidan o‘zbek yoshlarining Misrda ta’lim olishi uchun yangi grantlar, istiqbolli loyihalar taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. 
Aynan shu masalada Misrda istiqbolli tashabbus ilgari surildi. O‘tgan yildan boshlab «Misrda ta’lim ol», deb nomlangan grant tanlovi e’lon qilindi. Uning maqsadi Misrdagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishni hohlovchi xorijiy mamlakatlar yoshlarini o‘qishga jalb etishdan iborat. Ushbu tashabbusning maxsus ilovasi bor, uni telefon orqali yuklab olish mumkin.  
Misrda hukumatga qarashli 27 ta universitet, 4 ta milliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari mavjud. Hozirgi paytda biz dunyoning eng nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularning Misrdagi filiallarini ochishga harakat qilayapmiz. Bu endi yoshlar o‘zlari hohlagan yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladilar, dagan gap. Misrda ta’lim olishning shartlari oddiy: yoshlar internet orqali universitet haqida ma’lumotga ega bo‘lishi, keyin tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha maxsus hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Bu platforma 18 yoshdan boshlab amalga oshiriladi. Ya’ni O‘zbekistondagidek 11 yillik majburiy ta’limni tamomlagan yoshlar ushbu grantlarda qatnashadi. Eng muhimi, Misrda o‘qish ancha arzon. Misr oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan xorijlik talabalarga aviachipta pullari to‘lab beriladi. Misrning diqqatga sazovor joylari, muzeylarga sayohatlar uyushtirish ham bepul tashkil etiladi. Vizani esa Misrning Toshkentdagi elchixonasi orqali rasmiylashtirish imkoniyati bor. Oxirgi paytlarda talabalar uchun viza olish tartib-qoidalari ancha yengillashtirildi. Ularga taqdim etiladigan viza o‘qish muddatidan kelib chiqib belgilanadi.
 Biz Misrdagi «Al-Azhar al-sharif» universitetini islom minorasi deb ataymiz. Chunki u Yaqin Sharqdagi eng qadimiy oliy bilim yurtidir. Sizga bir sirni ochmoqchiman: Toshkentga kelishimdan oldin ushbu universitetning katta imomlaridan biri menga O‘zbekiston va Misr davlatlarining oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishni tavsiya qildi. Chunki, o‘zbek diyoridan yetishib chiqqan olimu ulamolar islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Men o‘zbek yoshlarining «Al-Azhar» universitetida ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini eshitib juda xursand bo‘ldim.  «Al-Azhar» universitetida ta’lim olish uchun yoshlar majburiy o‘rta ta’limni yakunlashi shart. Shuningdek, o‘zbek talabalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda o‘qishga qabul qilinadi. Ushbu universitetda o‘qish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tavsiyasi kerak, albatta. 
Yana bir gap: men o‘zbek yoshlarining arab tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini qadrlayman va hurmat qilaman. Biz, aynan, arab tilini o‘zbek yoshlariga puxta o‘rgatish uchun 3 ta katta loyihani ishga tushirayapmiz. Birinchisi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida arab tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurs ochish. Unga 3 nafar misrlik mutaxassis jalb etiladi. Ushbu kutubxonaga arab tilidagi ko‘plab kitoblarni yetkazib berish ham rejamizda bor. Ikkinchi loyiha misrlik o‘qituvchilarni O‘zbekistonda arab tilidan saboq berish uchun jalb etishdan iborat. Uchinchi loyihamiz esa O‘zbekiston va Misr oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik istiqbollarini rivojlantirishga qaratilgan.  
 Bu borada biz Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti bilan yaqin aloqalarni o‘rnatganmiz. Mazkur universitetni Markaziy  Osiyodagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri, deb bilamiz. Universitetda o‘tkazilgan «Misr oyligi»ning yakuniy tadbiriga meni ham taklif etishdi. Universitet jamoasining hurmati va alohida e’tibori meni hayron qoldirdi. Ushbu tadbirda Sharqshunoslik universiteti va Misr oliy ta’lim muassasalarining hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar, tashabbuslar, loyihalar ilgari surildi. Ularni amalga oshirishga barcha imkoniyatlarimizni safar etishimizni yana bir bor ta’kidlashni istar edim.  
Men iqtisodiyot va siyosat yo‘nalishida tahsil olganman. Diplomatiya sohasida 26 yildan beri faoliyat yuritib kelaman.   Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib, biz o‘qigan davrdagi ta’lim bilan hozirgi integratsiyaning o‘rtasida katta farq borligini aytmoqchiman. Hozirgi kunda yoshlarning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Yoshlar xoh O‘zbekistonda bo‘lsin, xoh Misrda bo‘lsin innovatsiya va zamonaviy yo‘nalishlarda bilim olish, yetuk mutaxassis bo‘lish imkoniyatlariga ega. Bu chindan ham havas qilsa arzigulik sharoitdir. Ayniqsa, yaqinda Toshkentda «Yangi O‘zbekiston» universitetining ochilganini eshitib juda xursand bo‘ldim. Men barcha yoshlarga muvaffaqiyat tilayman.
 Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 2018 yil sentabr oyida O‘zbekistonga tarixiy rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Aynan o‘sha oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustamkamlashga asos bo‘ldi. Shuningdek, ikki davlatning iqtisodiy, siyosiy, sarmoyaviy, turizm, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi hamkorligi rivojlanishiga yangicha turtki berdi. 
Bir narsaga amin bo‘ldimki, O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng o‘tgan 7 oy davomida Misrdan mamlakatingizga aviaqatnovlar soni salmoqli darajada oshdi. Bunday qatnovlar nafaqat poytaxt shaharlar, balki boshqa hududlar o‘rtasida ham ko‘payganiga guvoh bo‘layapmiz. Nazarimda bu hali ham yetarli emas. Aloqalarni yanada kuchaytirish uchun aviaqatnovlarni ko‘paytirishimiz kerak. Yaqinda Misrning farmatsevtikaga ixtisoslashgan «Solivar» kompaniyasi Toshkentda ish boshladi. Bu esa har ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. 
Misr va O‘zbekiston boy madaniy merosga ega. Bu bilan bizlar har qancha faxrlansak arziydi. Aslida O‘zbekiston va Misr madaniyati, an’analari va qadriyatlari o‘rtasida mushtarak jihatlar juda ko‘p. 
Toshkentga kelishimdan oldin Misr madaniyat vaziri bilan uchrashib, bu haqda ancha suhbatlashdik. U menga O‘zbekistondek davlatda ishlash baxtiga musharraf bo‘lganim katta omad ekanini ta’kidladi. Uning gapida sirayam mubolag‘a yo‘q. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga intilmoqdamiz. Kelasi yili Misr - O‘zbekiston diplomatik aloqalari yo‘lga qo‘yilganligining 30 yilligini nishonlaymiz. Ushbu bayram munosabati bilan qator madaniy tadbirlar uyushtirishga kelishib oldik, bunga tayyorgarlik ishlarini allaqachon boshlab yuborganmiz. 
Elchi sifatidagi mening vazifam Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi manfaatlar uchun xizmat qilishdan iborat. Bu yo‘lda barcha bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman. Fursatdan foydalanib, barcha o‘zbek xalqini o‘tgan muborak Qurbon hayiti va yaqinlashayotgan O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi bayrami bilan tabriklayman.

 

Жобир Хўжақулов суҳбатлашди,

“Дунё” АА.

Mavzuga oid

Barbara Baltukin: Prezident Shavkat Mirz...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi to‘g‘risida Fra...

Tailandda Navro‘z bayrami nishonlandi

Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasida Ta...

Jeneva O‘zbekiston Prezidentining inson ...

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 22 fevral kuni ...

So`nggi yangiliklar