Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Mart/2021   Siyosat

Misrdan munosabat: IHTda O‘zbekiston ishtirokining faollashishi Shavkat Mirziyoevning mintaqa va qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi


QOHIRA, 5 mart. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 14-sammitidagi ishtiroki va unda ilgari surgan takliflari bo‘yicha misrlik siyosatshunos, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Ahmad Tarabik o‘z fikr-mulohazalarini yo‘lladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

– Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Prezidenti qator muhim masalalarga to‘xtalib o‘tdi, - dedi Ahmad Tarabik. - Koronavirus pandemiyasi tufayli aksar davlatlarda iqtisodiy rivojlanish strategiyasi qayta ko‘rib chiqilmoqda, tashqi savdo shartlari o‘zgarmoqda. 

Shavkat Mirziyoev qayd etganidek, tarixan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan O‘rta Sharq mamlakatlari o‘rtasida pandemiya tufayli o‘rnatilgan savdo va transport cheklovlarining bekor qilinishi barcha tomonlarga birdek manfaat keltiradi, savdo-sotiq va investisiyalar tiklanishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida transport-kommunikasiya sohasidagi hamkorlikni ustuvor yo‘nalish ekanini qayd etdi. Mintaqa mamlakatlarining geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati nuqtai-nazaridan qaralsa, zamonaviy transport koridorlarining yaratilishi nafaqat o‘zaro savdo aloqalarini rivojlanishiga, balki ulkan Osiyo va Yevropa qit'alarini bog‘lovchi yangi Buyuk ipak yo‘lining paydo bo‘lishi va mintaqa aholisi turmush darajasining oshishiga xizmat qiladi.

Eron orqali Fors ko‘rfaziga chiquvchi marshrutlar yaratilishi va Afg‘oniston orqali Pokistonga qadar temir yo‘lining barpo etilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bilan tarixiy savdo-sotiq munosabatlarini yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Transport koridorlarining diversifikasiya qilinishi esa istiqboldagi ehtimoliy siyosiy tazyiqlarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Hozirda jahon iqtisodiyoti energetik tranformasiya bo‘sag‘asida turganini inobatga olsak, O‘zbekiston Prezidentining qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalariga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha taklifi barcha mamlakatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘pgina davlatlar, shu jumladan O‘zbekistonda ham neft va gaz zahiralarining cheklangani iqtisodiyotning bardavom rivojlanishi uchun qayta tiklanuvchi manbalardan, xususan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni taqazo etadi. Bu esa o‘z navbatida ekologik muhit yaxshilanishiga ham olib keladi.

Ushbu sohaga o‘z vaqtida yetarlicha sarmoya kiritmaslik esa yaqin kelajakda jahon taraqqiyotidan keskin ortda qolishga va tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xulosa o‘rnida ta'kidlash joizki, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida O‘zbekiston ishtirokining faollashishi respublika Prezidentining mintaqa va qo‘shni davlatlar bilan turli sohalarda ochiq va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha max...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgas...

O‘zbekiston Prezidenti taqdim qilingan i...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun sanoat va logistika sohalariga oid investitsiya loyihal...

«Buscardini Communications» axborot agen...

Belgiyaning «Buscardini Communications» axborot agentligi saytida “O‘zbekiston Respublikas...

So`nggi yangiliklar