Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/May/2022   Jamiyat

“Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi

TOSHKENT, 28 may. /“Dunyo” AA/. Kecha Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan «Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon» mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


 Markaz maʼlumotiga ko‘ra, tadbir buyuk mutafakkir ajdodimiz, mutakallim olim Imom Abu Mansur Moturidiy hamda u asos solgan taʼlimotni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston qadimdan jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga o‘z asarlari, yaratgan umrboqiy taʼlimoti, insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi ezgu g‘oyalari hamda kashfiyotlari bilan bebaho hissa qo‘shgan allomalar zamini bo‘lib kelgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Abul Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Mansur Moturidiy kabi allomalar bugungi kunda jahon ilmiy jamoatchiligining katta qiziqishi va eʼtiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Ushbu allomalar qatorida kalom va aqida ilmining buyuk namoyandasi, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi eʼtiqod qiladigan moturidiylik taʼlimoti asoschisi hisoblangan mutakallim olim Abu Mansur Moturidiyning nomi alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda allomaning ilmiy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish dolzarb vazifalardan biri sanaladi. 

Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hayʼati aʼzolari, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdi. 

Shuningdek, simpoziumda Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar qatnashdi.

Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti mohiyati: moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik taʼlimotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida moʻtadil islom taʼlimotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik taʼlimotining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. Xususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga yechim topishda moturidiylik taʼlimotining o‘rni va ahamiyati, ushbu taʼlimotning moʻtadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida eʼtirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Simpozium yakunida xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning maʼruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to‘plam shaklida nashr etish bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda «Inson huquqlari himoyasi ...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak n...

O‘zbekistonda ijtimoiy xodimlar vazifala...

«Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari to‘g‘risida...

11 dekabr – Xalqaro tog‘lar kuni

1992 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Atrof-muhit musaffoligini saqlashga bag...

So`nggi yangiliklar