Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Oktabr/2021   Markaziy Osiyo

MOXI ekspertlari: O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga asoslangan


TOSHKENT, 3 oktabr. /"Dunyo" AA/. 4-5 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan navbatdagi O‘zbekiston-Turkmaniston oliy darajadagi sammiti arafasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) tadqiqotchilari Ares Bayazitov va Zulfiya To‘ranazarova "Dunyo" axborot agentligiga ikki mamlakat  o‘zaro manfaatli hamkorligining bugungi holati va istiqbollari haqidagi fikr-mulohazalarini taqdim qildi.
- Bir necha asr mobaynida  o‘zbek-turkman xalqlari  yagona tarixiy-madaniy makonga ega bo‘lib, umumiy  diniy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analar bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan, - deydi ekspertlar. - Bugungi kunda, ikki qardosh davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari  ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga, o‘zaro yaqin savdo-iqtisodiy va  gumanitar hamkorlikka  asoslangan.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va  ishonchi, shubhasiz,  o‘zbek-turkman munosabatlarining yanada rivojlanishi va mustahkamlanishida  muhim rol o‘ynaydi.
Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti sifatidagi xorijga ilk tashrifi 2017 yil mart oyida Turkmanistonga amalga oshirildi. Tashrif yakunlari bo‘yicha, tarixiy ahamiyatga ega hujjat  - Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek umumiy qiymati 150 million dollarlik shartnomalar imzolandi.
2018 yil aprelda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida, Toshkent shahrida “Ashxobod” istirohat bog‘i, Maxtumquli ko‘chasi, Xorazm viloyatida O‘zbek-turkman do‘stligi uyi va “Ulli hovli” majmuasining ochilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birlik va madaniy yaqinlikning  yorqin namunasi bo‘ldi.
Bundan tashqari, ikki davlat hukumatlari va vazirliklari darajasida o‘zaro  yaqin aloqalar o‘rnatildi. Xususan, 2020 yil noyabrda O‘zbekiston va Turkmaniston parlamentlararo do‘stlik guruhlarining videokonferensaloqa shaklidagi birinchi qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lsa, shu yilning  mart oyida Turkmaniston  Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha videomuloqot ko‘rinishidagi Oliy Majlis parlamentlararo do‘stlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil mayda Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi Ashxobod shahrining 140 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvda ishtirok etdi. Shuningdek, sentabrda  Lebap viloyati delegatsiyasi O‘zbekistonning Buxoro viloyatiga, Toshhovuz viloyati vakillari Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida turkman tomoni  viloyatlarimizning turistik salohiyati bilan yaqindan  tanishib, chegaralararo hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Ma’lumki, Turkmaniston O‘zbekistonning savdo-sotiq bo‘yicha  muhim strategik hamkori hisoblanadi. Binobarin, 1996 yildan boshlab savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turkman Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi faoliyat olib bormoqda.
Shu yilning  14 sentabr kuni IGKning navbatdagi o‘n oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, tomonlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro kooperatsiyani chuqurlashtirish va gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir masalalarni muhokama qildilar.
Shu bilan birga, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida chegaralararo savdoni rivojlantirish, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, mamlakatlarning tranzit salohiyatini oshirish xususida to‘xtalib o‘tildi.
Birgina so‘nggi besh yillikda ikki mamlakat o‘rtasidagi  savdo aylanmasi hajmi qariyb 2,5 barobar o‘sib, 2020 yilda umumiy hisobda  527 million dollarni tashkil etdi.
Shuningdek, 2021 yilning yanvar-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro savdo aylanmasi hajmi o‘sib,  qiymati  418,1  million dollarni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan umumiy 23,6 foizga o‘sdi.
O‘tgan sakkiz oyda O‘zbekistondan Turkmanistonga kimyo mahsulotlari, mashina va uskunalar, oziq-ovqat ko‘rinishidagi mahsulotlar eksport qilingan bo‘lib, qo‘shni mamlakatdan elektr energiyasi, neft va kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat va xizmatlar  import qilindi.
O‘zbekiston va Turkmaniston  savdo-sanoat palatalari ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida,  muntazam ravishda kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasida qo‘shma tadbirlar, biznes forumlar, kooperatsion birjalar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar tashkil  etishga hissa qo‘shmoqda.
O‘tgan yil oktabrda O‘zbekiston va Turkmaniston Ishbilarmonlar kengashining ikki mamlakatdan 30 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirokida videokonferensaloqa formatidagi  birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Transport va logistika sohasi o‘zbek-turkman hamkorligining yana bir ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, tijorat maqsadida ikki mamlakat avtomobil va temir yo‘llari orqali uchinchi mamlakatga tranzit yuklari tashiladi.
Xususan, o‘tgan sakkiz oyda xalqaro yuk tashish hajmi solishtirib ko‘rilganda, umumiy hisobda qariyb 13,5 foizga o‘sib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 1,2 million tonnani tashkil etdi. Shundan avtomobillar orqali yuk tashish hajmi 10,5 foizga, temir yo‘l orqali - 34,4 foizga oshdi.
Ikki mamlakat kommunikatsiya tizimlarining integratsiyasi nafaqat O‘zbekistondan Turkmanistonga,  balki Yaqin va O‘rta Sharq  savdo bozorlariga eng qisqa yo‘l orqali chiqishga imkoniyat yaratadi.
Shu sababli, mamlakatlarimiz  transport va logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash masalalarini bir ovozdan ma’qullaydi. Ashxobod shartnomasi doirasida "Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon-Hindiston" subregional transport yo‘lagi shakllantirilmoqda. Bu kelgusida tashqi bozorlarga alternativ chiqish yo‘li sifatida  xizmat qiladi.
Bundan tashqari, birgalikda "Xitoy - Markaziy Osiyo - Kaspiy dengizi - Janubiy Kavkaz - Yevropa" yo‘nalishini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklari  bildirildi.
Ushbu transport yo‘lagi Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa qator mamlakatlarning Qora dengiz portlariga kirib borishini ta’minlashga mo‘ljallangan.
O‘zbek-turkman munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikdir.
Bugungi kunda  O‘zbekiston va Turkmaniston vakillari har ikki mamlakatda o‘tkaziladigan madaniyat kunlari, turli konsertlar, festivallar, sport tadbirlari va ta’lim dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Xususan, 2019 yilda Turkmanistonda MDH ziyolilari forumi va Salomatlik forumi, O‘zbekistonda  "Sharq taronalari" va Hunarmandlar festivallari bo‘lib o‘tdi.
Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay,  Turkmaniston va O‘zbekiston san’ati va madaniyati vakillari onlayn va an’anaviy shaklda  o‘zaro aloqalarni saqlagan holda, joriy yil Turkmanistonda Xalq raqslari festivali va mamlakatimizda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Hozirda, O‘zbekistonda turkman millatiga mansub qariyb 200 ming nafar  aholi yashaydi. Shu bilan birga, yurtimizda turkman tilida ta’lim beradigan jami 61 ta maktab mavjud bo‘lib, unda qariyb 8 ming nafar  turkman millatiga mansub bolalar tahsil oladi. Shundan, jami 21 ta maktabda ta’lim to‘liq turkman tilida amalga oshiriladi. 
2019-2020 o‘quv yilida respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jami 3 ming 800 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, shundan  80 foizi Turkmaniston fuqarolariga to‘g‘ri keladi.
Turkmanistonlik talabalarning asosiy qismi Urganch, Qoraqalpoq, Buxoro va Qarshi davlat universitetlarida, Buxoro davlat tibbiyot institutida, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida tahsil oladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning o‘sish sur’atlari konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash,  o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish borasidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat  va ishonch tamoyillariga asoslangan bo‘lib,  ko‘p asrlik o‘xshash qadriyatlarga  ega  ikki qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy dunyoda qanday rivojlanishi va taraqqiy etishi mumkinligiga yorqin misol bo‘lib xizmat qiladi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Axborot xavfsizligini ta’mi...

Joriy yil 29 iyun kuni O‘zbekiston poytaxtida Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari ...

Yangi O‘zbekiston - yangi qo‘shnichilik...

Markaziy Osiyo, jumladan Afg‘oniston, doimo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nal...

MOXI platformasida Markaziy Osiyoda suv ...

Kecha «Markaziy Osiyoda suv masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash» mavz...

So`nggi yangiliklar